2025-yilning yanvar-sentabr oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi $59,79 mlrdni tashkil etdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi hisobotida aytiladi.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 22,9% ga oshgan. Bunga eksport ($26,6 mlrd, +33,3%), shuningdek, import ($33,11 mlrd, +15,6%) sezilarli darajada oshgani sabab bo‘ldi. Natijada tashqi savdo balansi taqchilligi $6,42 mlrdgacha qisqardi (o‘tgan yili — $8,62 mlrd).
Sentabr oyida O‘zbekiston iyun pauzasidan keyin eksportni davom ettirib, $1,47 mlrdlik oltin sotdi. To‘qqiz oy yakunlariga ko‘ra, qimmatbaho metallar yetkazib berish hajmi $9,89 mlrdni (+70,9%) tashkil etdi, bu 2023-yilda o‘rnatilgan tarixiy maksimumni ($8,15 mlrd) yangiladi.
Xitoy O‘zbekiston bilan savdo bo‘yicha yetakchilikni saqlab qolmoqda ($11,41 mlrd), ikkinchi o‘rinni $9,39 mlrd bilan Rossiya egallab turibdi. Yanvar-sentyabr oylarida Xitoy bilan tovar ayirboshlash 26,3% ga, Rossiya bilan 8,44% ga oshdi.
Shuningdek, tashqi savdo hamkorlari beshligiga Qozog‘iston ($3,47 mlrd), Turkiya ($2,15 mlrd) va Janubiy Koreya ($1,21 mlrd) kirdi — ulardan faqat Qozog‘iston bilan tovar ayirboshlash hajmi oshdi.
Asosiy hamkorlar o‘ntaligiga Afg‘oniston ($1,14 mlrd), Fransiya ($1,1 mlrd), Hindiston ($961,1 mln), Germaniya ($957,6 mln) va BAA ($937,8 mln) ham kirdi.
Eksport
Oltinni hisobga olmaganda, sanoat mollari tovar eksportining asosiy qismini tashkil etmoqda. 9 oy ichida ularni yetkazib berishdan olingan daromad 2,86 milliard dollarni (-10,1%) tashkil etdi.
To‘qimachilik va mato eksportidan tushgan daromad $1,15 mlrdni (-24%) tashkil etdi. Rangli metallar yetkazib berish biroz kamaydi — $1,08 mlrdgacha (-4,6%), po‘lat va cho‘yan — $140,4 mlngacha (-9,7%). Shu bilan birga, noruda qazilmalar ($218,8 mln) va metall buyumlar ($157,7 mln) eksporti sezilarli darajada oshdi.
Ikkinchi o‘rinda $2,04 mlrd (+41,3%) bilan oziq-ovqat mahsulotlari joylashgan. Bu yerda sabzavot va mevalar ($1,51 mlrd, +42,4%), shuningdek, don mahsulotlari ($400,2 mln, +53,3%) ustunlik qiladi.
Kimyoviy mahsulotlar eksporti hajmi $1,52 mlrdni (+16,8%) tashkil etdi. Noorganik kimyoviy moddalar 14,7% ga — $861,2 mlngacha o‘sishni ko‘rsatdi, keyingi o‘rinda o‘g‘itlar yetkazib berish $339,4 mln (+40,8%) bilan qayd etildi.
Turli tayyor mahsulotlar eksporti $1,26 mlrdni (+50,5%) tashkil etdi. Kiyim-kechak yetkazib berishdan tushgan daromad $752,2 mlnni (+13,2%) tashkil etdi, “boshqa toifalarga kiritilmagan turli xil tayyor mahsulotlar” bo‘yicha esa 3,73 baravarga — $456,6 mlngacha o‘sish qayd etildi.
Yoqilg‘i-energetika resurslarini yetkazib berish 10,8% ga oshib, $1,19 mlrdni tashkil etdi. Neft va neft mahsulotlari eksporti 1,1% ga kamayib, $456,4 mlnni tashkil etdi, tabiiy gaz yetkazib berish esa 15,4% ga oshib, 546,2 mlnni tashkil etdi. Elektr energiyasi eksporti ikki baravar oshib, $114,8 mlndan oshdi.
Mashinasozlik mahsulotlarini yetkazib berish 13,6% ga — $764,1 mlnga tushib ketdi. Yetakchi o‘rinni avtomobillar eksporti egalladi, u 23,8% ga kamayib, $220 mlnni tashkil etdi. Keyingi o‘rinda elektrotexnika — $209 mln (+38,1%). Undan keyin 5,9%ga (186,7 million dollar) pasaygan avtomobil qismlari va aksessuarlari joylashdi.
O‘z navbatida, xizmatlar eksporti hajmi 6,76 mlrdni yoki O‘zbekistonning umumiy savdo eksportining 25,3%ini tashkil etdi. 2024-yilning mos davri bilan solishtirilganda xizmatlar segmenti 31,6% ga oshgan. Ular orasida turizm ($3,57 mlrd), transport ($2,14 mlrd) va IT ($495 mln) yetakchilik qilmoqda.
Import
Tovarlar importi tarkibida mashinasozlik mahsulotlari $11,22 mlrd (+11%) bilan yetakchilik qilmoqda. Avtomobillar yetkazib berish $2,55 mlrd (+8,4%), maxsus mashinalar — $2,28 mlrd (+22,5%), sanoat maxsus bo‘lmagan uskunalari — $1,82 mlrd (+22,5%), elektrotexnika — $1,7 mlrd (+14,2%), energiya generatorlari — $1,01 mlrd (+16,6%), ovoz yozish uskunalari — $744,1 mln (-3%) ni tashkil etdi.
Yil boshidan buyon avtomobil importi 18,1% ga — $807,3 mlngacha kamaydi. Shu bilan birga, avtomobillar uchun ehtiyot qismlar va anjomlar importi 40,8% ga oshib, $1,28 mlrdni tashkil etdi.
Ikkinchi o‘rinni sanoat tovarlari egalladi — $5,27 mlrd (+22,6%). Cho‘yan va po‘lat ($2,34 mlrd, +25,5%), metall buyumlar ($784,2 mln, +32,7%), to‘qimachilik iplari ($432,2 mln, +3,4%) va rezina mahsulotlari ($421 mln, +34,5%) importi oshdi.
Kimyo sanoati mahsulotlari importi 17,6% ga o‘sib, 4,08 mlrdni tashkil etdi. Tibbiy tovarlar uchun xarajatlar $1,45 mlrdga (+13,5%), birlamchi plastmassalarga $780,9 mln (+33,5%), kimyoviy materiallarga $552,3 mln (+14%) yetdi.
Shuningdek, xorijiy oziq-ovqat mahsulotlari importi $3,07 mlrdni (+15,9%) tashkil etdi. Don mahsulotlari yetkazib berish uchun $693,6 mln (+6,3%), go‘sht va go‘sht mahsulotlari — $589,5 mln (+72,4%), shakar va qandolat mahsulotlari — $384,9 mln (-19,6%), qahva, choy, kakao, ziravorlar va ulardan tayyorlangan mahsulotlar — $340,1 mln (+14,7%) sarflangan.
Yoqilg‘i-energetika resurslarini yetkazib berish 14,3% ga kamayib, $2,62 mlrdni tashkil etdi. Neft va neft mahsulotlari importi 4,1% ga ($1,46 mlrd) kamaydi, benzin yetkazib berish esa 1,8% ga ($1,14 mlrd) oshdi. Turkmaniston va Rossiyadan gaz importi 29,7% ga kamayib, $932,3 mlnni tashkil etdi. Ko‘mir sotib olish xarajatlari $146,8 mlnga (+26,6%), elektr energiyasi — %82,4 mlnga (-14,4%) yetdi.
Shuningdek, savdo importidagi ulushi 11% dan yuqori bo‘lgan xizmatlar importi hajmi 34,9% ga o‘sib, $3,64 mlrddan oshdi. Xizmatlarning yetakchi segmenti turizm bo‘lib qolmoqda, u $1,86 mlrdni tashkil etdi. Keyingi o‘rinlarda transport ($740,3 mln) va IT ($387 mln).
Avvalroq Spot O‘zbekiston to‘qqiz oyda rekord darajada — $9,9 mlrdlik oltin sotgani haqida yozgandi.
Qimmatbaho metall eksporti 2024-yilga nisbatan 70% dan ko‘proqqa o‘sdi. O‘zbekiston dunyodagi eng yirik oltin sotuvchisi hisoblanadi.
