Markaziy bank 2030-yilgacha O‘zbekistonda 10 ta islomiy bank paydo bo‘lishini kutmoqda. Bu haqda 24-oktabr kuni regulyator raisi o‘rinbosari Abrorxo‘ja Turdaliyev Spot muxbiriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

“Kelgusi besh yil ichida bizda kamida 10 ta to‘laqonli islomiy bank bo‘lishini kutyapmiz. Shuningdek, [an'anaviy banklarda] bir nechta „islomiy darchalar“ bo‘ladi. Ularni uchta davlat bankida ochish allaqachon ko‘zda tutilgan”, — dedi Markaziy bank raisi o‘rinbosari va davlat banklari hali aniqlanmaganini qo‘shimcha qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy bank islomiy moliyaga yashirin iqtisodiyotdan mablag‘larni bank tizimiga jalb qilishning muqobil mexanizmi sifatida qaraydi.

Turdaliyev an’anaviy bank xizmatlaridan foydalanmaydigan aholi ulushi haqidagi savolga javob berar ekan, bu ko‘rsatkichlarni baholashga ehtiyotkorlik bilan yondashish kerakligini ta’kidladi.

“Islom moliyasi bo‘lganida yaxshiroq bo‘lardi, deb hisoblovchilar ham, an’anaviy bank xizmatlarini qat’iy rad etuvchilar ham bor. Biz baholayotganimizda, savolni to‘g‘ri qo‘yish muhim. 50−60% ko‘rsatkich haqida gap ketganda, bu islom moliyasini afzal ko‘ruvchilar haqida, ammo an’anaviy xizmatlardan butunlay voz kechadiganlar soni ancha kam”, — deya tushuntirdi u.

Sentabr oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy etish to‘g‘risidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ma’qulladi. BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) so‘rovnomasiga ko‘ra, aholining 68%i, tadbirkorlarning esa 60%i diniy eʼtiqodi sabab, anʼanaviy bank xizmatidan foydalanishni xohlamaydi.

Qonun loyihasida “islomiy bank faoliyati”, “islomiy moliya faoliyati”, “islomiy moliya operatsiyalari”, “islomiy moliya standartlari”, “investitsiyaviy omonat” kabi tushunchalarni kiritish nazarda tutilmoqda.

Islomiy banklar uchun alohida litsenziya va uni olish uchun talablar joriy etilmoqda. Anʼanaviy banklarda ham tegishli litsenziya mavjud bo‘lgan taqdirda “islomiy darchalar” tashkil etish mumkin bo‘ladi.Loyihada Murobaha, Muzoraba, Mushoraka, Vakala va Salam kabi bir qancha islomiy mahsulotlar belgilangan.

Markaziy bank islomiy moliya xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlarga bevosita savdo faoliyatini amalga oshirish, yuridik shaxslarni tashkil etish va ularning ustav kapitalidagi ulushlar yoki aksiyalarni cheklovlarsiz sotib olishga ruxsat berishni taklif qilmoqda.

Shuningdek, Markaziy bank va banklar huzurida islomiy moliya kengashi tashkil etiladi. Loyihada ularning vazifalari va funksiyalari belgilanadi. Regulyatorga kredit muassasalari uchun islomiy moliya standartlarini tasdiqlash, banklarning islomiy moliya kengashi va uning aʼzolarini baholash vakolati beriladi.

Bank va mikromoliyaviy tashkilotlarning notarial harakatlari islomiy moliya standartlariga muvofiq mijozga berilgan mol-mulkka bo‘lgan huquqlarni rasmiylashtirishda davlat bojidan ozod etiladi. Shuningdek, O‘zbekistonda islomiy moliyaning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda alohida soliq rejimi joriy etilishi mumkin.

Spot mutaxassislar bilan O‘zbekistonga islomiy banking nima uchun kerakligi, u bozorni qanday o‘zgartirishi va oddiy foydalanuvchi uchun nima berishini muhokama qildi.

Avvalroq Spot dam olish kunlari jami 20 ta bank tomonidan valyuta ayirboshlash hamda pul o‘tkazmalarini amalga oshirish mumkinligi haqida xabar bergandi.