Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalarning farzandlarini qabul qilgan xususiy bog‘chalarga to‘lovning bir qismi budjetdan qoplab beriladi. Bu haqdagi tegishli nizom Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Nizom bilan, ota-onalar to‘lovining bir qismini budjetdan qoplab berish tartibi belgilandi. Bunday turdagi oilalarning farzandlari ro‘yxati axborot tizimi orqali avtomatik ravishda shakllantiriladi.

Bog‘chalarga kompensatsiya tegishli hududda 9 soatlik ish rejimidagi umumiy tipdagi davlat bog‘chalari uchun belgilangan ota-onalar to‘lovining 40% i miqdorida ajratiladi.

Kompensatsiya bog‘chalarga haqiqatda qatnayotgan bolalar soniga qarab beriladi. Biroq bu mablag‘ Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi bilan oilaviy MTT o‘rtasidagi bitimda belgilangan o‘rinlarning 15% idan oshmasligi shart.

Sentabr oyida prezidentning o‘qituvchi va murabbiylarlar bilan o‘tkazgan muloqotida xususiy bog‘chalardagi tarbiyachilar oyligi va bola xarajatining bir qismi budjetdan qoplab berilishi aytilgandi.

Spot, avvalroq, bog‘cha va maktablarning bo‘sh maydonlarida DXSh asosida maktabgacha taʼlim tashkiloti qurilishi haqida yozgandi.