Bryusselning Ahlers Logistics kompaniyasi O‘zbekistonda logistika markazlari barpo etishga qiziqish bildirmoqda.

Transport vaziri Ilhom Maxkamov Bryusselda kompaniya ijrochi direktori Van den Bos Dave bilan uchrashdi.

Uchrashuvda Van den Bos Dave taklifiga ko‘ra O‘zbekistonda mahalliy kompaniyalar bilan hamkorlikda zamonaviy logistika markazlari tashkil etish masalasi muhokama qilindi.

Muhokama davomida mamlakatimiz transport-logistika sohasida olib borilayotgan islohotlar va xalqaro yuk tashuvlarini hamda logistika markazlarini rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan qarorlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.

Uchrashuvda muhokama etilgan masalalar yuzasidan tomonlar kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilab olishdi.

Ilhom Maxkamov Daveni joriy yil 11−12-noyabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadigan transport-logistika sohasidagi tadbirlarda ishtirok etishga taklif etdi.


Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev Yevropa kompaniyalari bilan hamkorlikning yangi bosqichini muhokama qilgani haqida yozgandi.

Prezident Yevropa bilan strategik xomashyo, “yashil” energetika, infratuzilma va raqamli texnologiyalar sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan yo‘nalishlarni belgilab berdi.