O‘zbekiston Gonkong bilan investitsiyalarni rag‘batlantirishga qaratilgan qator bitimlar tuzishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabar berdi.
Vazir o‘rinbosari Shohrux G‘ulomov 24-oktyabr kuni Gonkong ma’muriyati huzuridagi Invest HK investitsiya agentligi rahbari Alfa Launi qabul qildi. Tomonlar ikki tomonlama investitsiyaviy va iqtisodiy aloqalarni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar.
Ikki tomonlama soliqqa tortishning oldini olish va investitsiyalarni o‘zaro himoya qilish to‘g‘risidagi bitimlarni ishlab chiqish asosiy mavzulardan biri bo‘ldi. Shuningdek, uchrashuv ishtirokchilari Toshkentdan Gonkongga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni tashkil etish bo‘yicha tashabbuslarni ko‘rib chiqdilar.
Bundan tashqari, muzokaralarda Toshkentda Gonkong banki filialini, Gonkongda esa ITSV vakolatxonasini ochish imkoniyatlariga to‘xtalib o‘tildi.
Yaqin kelajakda aloqalarni yanada chuqurlashtirish uchun O‘zbekiston delegatsiyasining shaharga tashrifini tashkil etish rejalashtirilgan.
Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev avgust oyida Gonkongning JDB Group Limited kompaniyasi vitse-prezidenti Chan Man Xin bilan muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish istiqbollarini muhokama qilgan edi. Hong Kong Airlines ustuvor hamkor-operator sifatida ko‘rib chiqildi.
Sentabr oyida Uzbekistan Airports Gonkong xalqaro aeroporti ma’muriyati bilan o‘zaro anglashuv memorandumini imzolagan edi. Hujjat to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, Gonkong xalqaro aviatsiya akademiyasida (HKIAA) o‘zbekistonlik mutaxassislarni tayyorlashni tashkil etishni nazarda tutadi.
Avvalroq Spot Xitoy kompaniyasi Samarqandda elektrosamokatlar ishlab chiqarishi haqida yozgandi.
Loyihaning umumiy qiymati $28 mlnni tashkil etib, Yaxing Guoji Maoyi korxonani kelasi yilning fevral oyida ishga tushirishni rejalashtirmoqda.

