Joriy yilning yanvar-sentabr oylarida O‘zbekistonda o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 6 mln 166,9 ming so‘mni tashkil etdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Ko‘rsatkich 2024-yilning mos davriga nisbatan 19,2% ga o‘sgan.
Yanvar-sentabr oylarida hududlar kesimida eng yuqori ish haqi Toshkent shahriga to‘g‘ri keldi — 10,3 mln so‘m (18,7%).
Keyingi o‘rinlarda 7,61 mln so‘m bilan Navoiy hamda 5,80 mln so‘m bilan Toshkent viloyatlari turibdi. Ish haqining eng kam miqdori esa 4,27 mln so‘m bilan Qashqadaryo viloyatida qayd etildi.
Hududlar bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqi:
| № | Hududlar | O‘rtacha oylik ish haqi | 2024-yilning mos davriga nisbatan o‘sish |
| 1 | Toshkent shahri | 10 379 600 so‘m | 18,7% |
| 2 | Navoiy viloyati | 7 612 300 so‘m | 15,1% |
| 3 | Toshkent viloyati | 5 803 400 so‘m | 17,3% |
| 4 | Andijon viloyati | 4 996 500 so‘m | 12% |
| 5 | Buxoro viloyati | 4 953 100 so‘m | 18,2% |
| 6 | Sirdaryo viloyati | 4 930 800 so‘m | 20,7% |
| 7 | Qoraqalpog‘iston Respublikasi | 4 902 300 so‘m | 17,6% |
| 8 | Samarqand viloyati | 4 853 300 so‘m | 24,8% |
| 9 | Xorazm viloyati | 4 833 700 so‘m | 17,6% |
| 10 | Jizzax viloyati | 4 589 100 so‘m | 19,2% |
| 11 | Farg‘ona viloyati | 4 574 500 so‘m | 19,8% |
| 12 | Namangan viloyati | 4 543 800 so‘m | 20,9% |
| 13 | Surxondaryo viloyati | 4 374 200 so‘m | 18,4% |
| 14 | Qashqadaryo viloyati | 4 270 800 so‘m | 17,2% |
Yanvar-sentabr oylarida sohalar kesimida eng yuqori o‘sish (22,8%) san’at, ko‘ngil ochish va dam olish yo‘nalishlarida kuzatilib, o‘rtacha oylik ish haqi 5,11 mln so‘mga yetdi. Axborot va aloqa sohasida oylik ish haqi 16,6% o‘sish bilan, 14,98 mln so‘mni tashkil qilgan.
Bank va sug‘urta sohasida o‘rtacha ish haqi eng yuqori — 16,82 mln so‘mni qayd etganiga qaramay, o‘sish 15,6% bo‘ldi. Tashish va saqlash sohalarida o‘rtacha ish haqi 9,38 mln so‘m bilan 16,7% ga, sanoat sohasida esa 7,3 mln so‘m bilan 16,3% ga oshgan.
Bu davrda eng past ish haqi (3,76 mln so‘m) sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar sohasida qayd etilib, o‘sish o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 14,6% ni tashkil etdi.
Axborot va aloqa sohasi
Mazkur sohaning asosiy tarmoqlari bo‘yicha o‘rtacha maoshning eng yuqori ko‘rsatkichi quyidagicha:
- dasturlashtirish, maslahat berish va boshqa yordamchi xizmatlar — 19,99 mln so‘m;
- axborot xizmatini ko‘rsatish — 18,64 mln so‘m;
- aloqa sohasi — 11,75 mln so‘m;
Moliya va sug‘urta sohasi
Bunda eng yuqori o‘rtacha oylik ish haqi majburiy ijtimoiy sug‘urtalashdan tashqari, qayta sug‘urtalash va nafaqa jamg‘armalari hamda moliyaviy xizmatlar va sug‘urtalash faoliyatida qayd etilgan — mos ravishda 20,97 mln va 18,14 mln so‘m.
Eng past ko‘rsatkich esa sug‘urtalash va nafaqa ta’minoti xizmatlarida (16,45 mln so‘m) kuzatilgan.
Ta’lim sohasi
Bu sohada o‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori ko‘rsatkichi oliy ta’limda qayd etildi — 9,51 mln so‘m. Eng past ko‘rsatkich esa maktabgacha ta’limga to‘g‘ri keladi — 2,77 mln so‘m.
Texnik va professional ta’limda o‘rtacha maosh 4,25 mln so‘mni hamda umumiy o‘rta ta’limda 4,13 mln so‘mni tashkil etgan.
