Instagram Reelsga “ko‘rishlar tarixi” funksiyasini qo‘shdi. Bu haqda TechCrunch nashriyoti ijtimoiy tarmoq rahbari Adam Mosseriga tayanib xabar berdi.

Buning uchun foydalanuvchi o‘z profiliga kirib, so‘ng sozlamalar bo‘limiga o‘tishi va undan keyin “Sizning harakatlaringiz” qismini tanlashi kerak.

Funksiya orqali foydalanuvchi hozirgacha tomosha qilgan barcha videolar mavjud bo‘ladi. Ularni muallifi yoki sanasi bo‘yicha saralash imkoniyati bor. Xohlasa, videolarni tarixdan o‘chirib tashlashi ham mumkin.

Biroq nashr yangi funksiya qaysi bozorlarda ishlayotganiga aniqlik kiritmagan.

Avvalroq Instagram hikoyalarni sun’iy intellekt yordamida matn orqali tahrirlashni yo‘lga qo‘ygani haqida xabar berilgandi.

Yangi funksiyalardan foydalanish uchun “Hikoyalar"ning yuqori qismidagi mo‘yqalam belgisini bosish kerak. Foydalanuvchilar matnli so‘rovlar kiritish orqali obyektlarni qo‘shishlari, o‘chirishlari va o‘zgartirishlari mumkin bo‘ladi.

Biroq Instagram sun’iy intellekt vositalari hozirda qaysi mamlakatlarda mavjudligi haqida aniq ma’lumot bermagan.

2025-yil oktabr oyi boshida Instagram Reels’da tavsiyalar algoritmi sozlamalariga kirishni sinovdan o‘tkazishni boshladi.

Foydalanuvchi eng ma’qul mavzularni va ko‘rishni istamagan mavzularni tanlashi mumkin. Mavzularni olib tashlash va kiritish mumkin.