Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Belgiyaga rasmiy tashrifi doirasida Yevropaning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari bilan davra suhbati o‘tkazgani haqida xabar berilgandi. O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi.

Tashrif doirasida Yevropaning SES kompaniyasi bilan Markaziy Osiyoning uzoq hududlari aholisi uchun sun’iy yo‘ldosh internet xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha kelishuv imzolandi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

“Bu sun’iy yo‘ldosh internet xabi aynan Toshkentda bo‘ladi va u nafaqat O‘zbekistonning, balki qo‘shni davlatlarning ham olis hududlariga O‘zbekistondan turib xizmat ko‘rsatadi. Ya’ni, mamlakatimizning uzoq hududlarida yashayotgan aholidan tashqari, qo‘shnilarimizdagi uzoq hududlardagi aholiga ham qo‘shimcha internet xizmatlari taqdim etiladi, O‘zbekistonga esa eksport daromadlarini oshirishga yordam beradi”, — dedi vazir.

Shermatov so‘nggi uch yilda Yevropa kapitali ishtirokidagi IT Park rezidentlari soni uch barobarga oshgani — 2023-yildagi 50 ta kompaniyadan hozirda 161 taga yetganini qayd etdi.

Raqamli texnologiyalar vazirining so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi bilan imzolangan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim ikki davlat kompaniyalari o‘rtasidagi munosabatlarni qonuniy asosda kengaytirish imkonini beradi.

“Natijada yoshlarimiz uchun yanada ko‘proq yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratiladi va O‘zbekistonning eksport salohiyati kengayadi. Chunki ushbu kelishuvsiz ko‘pgina Yevropa kompaniyalari O‘zbekiston bilan munosabat o‘rnatishga ikkilanardi, „qonuniy asos yo‘q“, degan fikrga kelish mumkin edi. Endi qo‘rqmasdan ishlashga imkoniyat ortadi”, — deya xulosa qildi Sherzod Shermatov.

Mart oyida O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan telekommunikatsiya sohasidagi ikkita strategik loyiha bo‘yicha kelishuvlarga erishgandi. U Yevropaning Markaziy Osiyo uchun sun’iy yo‘ldosh internet dasturi (TEI Digital Connectivity) ga kiritilgan.

Ularda SES sun’iy yo‘ldosh aloqa provayderi, Expertise France texnik hamkorlik agentligi va Yevropa investitsiya banki ishtirok etmoqda. O‘zbekistonda Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun sun’iy yo‘ldosh shlyuzini ishga tushirish rejalashtirilgan.

16-oktabr kuni prezident huzuridagi taqdimotda kosmik sohada taʼlim ekotizimini yaratish, kosmik tadqiqotlar va texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi. Yo‘ldoshli aloqa texnologiyalarini joriy etish orqali mamlakatning olis hududlarida aloqa qamrovini oshirish ko‘zda tutilgan.

Undan keyin, 21-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish yuzasidan yig‘ilishda olis hududlarni yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlash uchun 2026-yildan hududlarda yo‘ldoshli internet operatorlarining faoliyati yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilindi.

Sun’iy yo‘ldoshli aloqa texnologiyalari sohasidagi kompaniyalar 5 yilga yer, mol-mulk, foyda va qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladi.

Avvalroq sun’iy intellektga $100 mlndan ortiq investitsiya kiritganlarga elektr narxi 5 sent etib belgilanishi haqida xabar berilgandi.