Ekologiya vazirligi Toshkent shahri va Toshkent viloyatida atmosfera havosi ifloslanishining oldini olish bo‘yicha yangi chora-tadbirlarni ishlab chiqdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Tegishli qaror loyihasi hozirda Vazirlar Mahkamasi tomonidan ko‘rib chiqilmoqda. Mazkur hujjat poytaxt mintaqasidagi sanoat korxonalari va issiqxona xo‘jaliklarining ifloslantiruvchi moddalar chiqindilarini sezilarli darajada kamaytirish maqsadini ko‘zlagan.
Buning uchun yanada ekologik toza texnologiyalarga o‘tishni rag‘batlantirish choralarini ko‘rish rejalashtirilgan. Xususan, Ekologiya vazirligi issiqxonalar va zavodlarni “ko‘mirdan foydalanishni istisno qiladigan muqobil energiya manbalariga” o‘tkazishni taklif qilmoqda.
Shuningdek, loyihada Toshkent shahri va viloyatdagi korxonalarda chang va gaz tozalash uskunalarini majburiy o‘rnatish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, issiqxonalardagi eskirgan isitish qozonlarini zamonaviy energiya tejamkor va ekologik toza tizimlarga almashtirish vazifasi qo‘yilmoqda.
Korxonalarni modernizatsiya qilishni rag‘batlantirish moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralari orqali amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda. Bu choralarga, xususan, chiqindilarni tozalash tizimlari, mahalliy tozalash qurilmalari va havoni avtomatik nazorat qilish stansiyalarini joriy etishga yo‘naltirilgan grant mexanizmlari kiradi.
Ushbu chora-tadbirlarning amalga oshirilishi atmosferaga chiqariladigan tashlamalarni “sezilarli darajada kamaytirish” imkonini berishi kutilmoqda. Bu, o‘z navbatida, ekologik xavfsizlikni oshirib, poytaxtimiz va Toshkent viloyati aholisi uchun yanada qulay sharoit yaratadi.
Joriy yilning sakkiz oyida Ekologiya vazirligi havoning ifloslanishi bilan bog‘liq 281 ta qoidabuzarlikni aniqladi. Ishchi guruhlar tomonidan 154 nafar mas’ul xodimga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar 57 ta korxona faoliyati to‘xtatildi. Shu vaqt ichida yana 179 ta qoidabuzarlik bartaraf etildi.
Xususan, 2024−2025 yillar qishida vazirlik Toshkent shahri atrofidagi 630 ta issiqxonani tekshirdi. Ulardan 40 tasi rezina chiqindilari va avtomobil shinalarini yoqayotgani aniqlandi.
Shuningdek, inspektorlar mo‘rilardan foydalanishdagi qoidabuzarliklarni ham qayd etdi. Ekologik standartlarga javob bermaydigan 32 ta issiqxona faoliyatini to‘xtatish bo‘yicha sudlarga da’volar kiritildi.
Avvalroq Spot Bo‘zsuv kanali ifloslanishi ortidan Toshkent suv ta’minotiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida yozgandi.
