Xitoy 2027-yilda BEST (Burning Plasma Experimental Superconducting Tokamak) noyob termoyadroviy qurilmasini qurishni yakunlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda 27-oktabr kuni Xitoy Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mao Ning ma’lum qildi.

Uni Xitoyda “sun'iy quyosh” deb atashadi. Bu qurilma boshqariladigan termoyadro sintezi yordamida elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Diplomatning so‘zlariga ko‘ra, yangi qurilma nafaqat barqaror termoyadroviy reaksiyani qo‘llab-quvvatlaydigan, balki elektr energiyasi ishlab chiqaradigan dunyodagi birinchi tokamak bo‘lishi mumkin.

Loyihani ishlab chiqish bilan Xitoy Fanlar akademiyasining Anxoy provinsiyasidagi Xefey shahrida joylashgan Plazma fizikasi instituti shug‘ullanmoqda.

“Sun'iy quyosh” qanday tuzilgan?

BEST tokamak*ining asosini og‘irligi 400 tonnadan ortiq, diametri taxminan 18 metr va balandligi 5 metr bo‘lgan yuqori vakuumli kriogen kamera tashkil etadi. Uning ichiga o‘ta o‘tkazuvchan magnitlar joylashtirilgan bo‘lib, ular -269°C haroratda ishlaydi va vodorod izotoplari — deyteriy va tritiydan hosil bo‘lgan plazmani ushlab turadi.

Bunday texnologiya haqiqiy Quyosh qa’rida sodir bo‘layotgan fizik jarayonlarni taqlid qilish imkonini beradi va toza energiya sohasida katta yutuq bo‘lishi mumkin.

* — Tokamak atamasini 1957-yilda akademik Kurchatovning shogirdi, professor Igor Golovin o‘ylab topgan. Dastlab bu so‘z “tokamag” — “toroidal magnit kamerasi” deb yangragan, ammo keyinchalik birinchi sovet termoyadroviy qurilmasi konstruktorlari jarangdorlik uchun “-mag” ni “-mak” ga almashtirishni taklif qilishdi. Bu nom dunyoning aksariyat tillariga o‘tgan.