Fuqarolarga “yashil” energiya qurilmalarini xarid qilish va o‘rnatish xarajatlari qoplab beriladi. Bu haqdagi tegishli nizom hukumat qarori bilan tasdiqlandi.

Hujjatda aholi uy-joylarini energiya auditidan o‘tkazish xarajatlari to‘liq qoplab berilishi belgilangan. Shuningdek, quyosh panellari va issiqlik uskunalarini xarid qilish hamda o‘rnatish xarajatlarining bir qismiga subsidiya ajratiladi.

Subsidiya olish uchun uy-joylarga “yashil” qurilma va uskunalar energiya auditori xulosasi asosida o‘rnatilgan bo‘lishi kerak. Bunda to‘lovlar subsidiyalanadigan qism chegirib tashlangan holda, Energiya samaradorligi milliy agentligi tomonidan beriladi.

Subsidiya quyidagi miqdorlarda ajratiladi:

  • uy-joylarni energiya auditidan o‘tkazish uchun — xarajatlarning 100%i miqdorida;
  • quyosh panellari, geliokollektorlar hamda boshqa maishiy isitish qozonlari, qurilma va uskunalar uchun — 20%i;
  • uy-joyga issiqlik nasoslarini xarid qilish va o‘rnatish uchun — 40%i.

Bunda ushbu yo‘nalishda ajratiladigan subsidiya miqdori BHMning 50 baravaridan (20,6 mln so‘m) oshmasligi lozim.

Agar fuqaro “yashil” kredit olish uchun uy-joyini energiya auditidan o‘tkazish bo‘yicha so‘rov bersa, shartnoma to‘g‘ridan-to‘g‘ri rasmiylashtiriladi. Bunda shartnoma mablag‘i to‘liq miqdorda oldindan o‘tkazilib, platformada vaqtincha band qilib qo‘yiladi.

Joriy yilning fevralida aholiga quyosh paneli va geliokollektor o‘rnatishga arzon kreditlar berilishi aytilgandi. 27-mart kuni qabul qilingan prezident farmoni bilan Vazirlar Mahkamasi huzurida Energiya samaradorligi milliy agentligi tashkil etilishi hamda aholiga “yashil” energiya xarajatlari qoplab berilsihi belgilangandi.

Yarim yilda aholidan 63,5 mlrd so‘mlik elektr energiyasi sotib olingan. 28 538 nafar jismoniy shaxs elektr tarmoqlariga o‘tkazilgan quyosh energiyasi uchun budjetdan subsidiya oldi.

Spot, avvalroq, quyosh panellarini qanday o‘rnatish va davlatga elektr energiyasini sotish mumkinligi bo‘yicha Abdurahmon Yo‘ldoshev bilan suhbatlashgandi.