O‘zbekiston OpenAI kompaniyasi bilan birgalikda sun’iy intellekt sohasida bir nechta loyihalarni amalga oshirmoqda. Bu haqda Prezident Administratsiyasi Moliyaviy texnologiyalar, sun’iy intellekt va raqamlashtirish departamenti rahbari o‘rinbosari Hikmatilla Ubaydullayev ma’lum qildi.
Tomonlar o‘tgan hafta oxirida bo‘lib o‘tgan onlayn uchrashuvda hamkorlik imkoniyatlari va istiqbollarini muhokama qildilar. Muzokaralarda OpenAI nomidan kompaniyaning ta’lim va hamkorlik yo‘nalishlari rahbarlari Valeri Fokke, Dips Patel, Shaig Ali va Karlotta Serrano ishtirok etdi.
Asosiy mavzulardan biri O‘zbekistonda ChatGPT Edu ta’lim platformasining ishga tushirilishi bo‘ldi. Tizim o‘qituvchilar va talabalarga til modellari bilan ishlash uchun himoyalangan muhit, sun’iy intellekt yordamchilari va o‘quv materiallarini yaratish imkoniyatini beradi.
Shuningdek, tomonlar sun’iy intellektga asoslangan shaxsiylashtirilgan ta’limni joriy etish masalalariga to‘xtaldilar. Bu sun’iy intellekt har bir o‘quvchining ehtiyojlari, sur’ati, bilim darajasi va qiziqishlariga moslashtiriladigan yondashuvdir. Tizim individual topshiriqlar berishni soddalashtiradi, ishlarni tekshirishni avtomatlashtiradi va o‘qituvchilar uchun byurokratiyani kamaytiradi.
“Bu bolaga dasturda belgilangan narsalarni emas, balki u haqiqatan ham tushunishi kerak bo‘lgan narsalarni tushuntirish tizimiga yo‘l ochadi. Kasrlarni bilmaydiganlar uchun endi logarifmlar yo‘q”, — dedi Ubaydullayev.
OpenAI kurslari va ekspertizasi One Million AI Leaders milliy tashabbusiga qo‘shimcha bo‘lib xizmat qiladi. Ular yordamida o‘zbekistonlik o‘quvchilar, talabalar va o‘qituvchilar jahon standartlari bo‘yicha sun’iy intellekt bilan ishlashni o‘rganishlari mumkin.
Bundan tashqari, til modellarini mahalliy sharoitga moslashtirish uchun o‘zbek tilida ma’lumotlar korpusini yaratish mavzusiga ham to‘xtalib o‘tildi. OpenAI vakillari o‘z modellari “o‘zbek tilini ishonch bilan tushunishini” ta’kidlab, bu yo‘nalishda hamkorlikda ishlashga qiziqish bildirdi.
Tomonlar uchta yo‘nalish bo‘yicha yo‘l xaritasini ishlab chiqishga kelishib oldilar:
- O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida ChatGPT Edu dasturini joriy etish;
- ommaviy sun’iy intellekt ta’limini rivojlantirish;
- startap loyihalar va xakatonlarni qo‘llab-quvvatlash.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda sunʼiy intellekt bo‘yicha President AI Award tanlovi o‘tkazilishi haqida yozgandi. 2030-yilga qadar sohani rivojlantirishga $1 mlrddan ortiq xorijiy investitsiyalar jalb etiladi.
