Tandir yasash — asrlar davomida o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan hunarlardan biri. Bugun esa bu kasb faqat non yopiladigan an’anaviy vosita emas, balki daromad keltiradigan biznes yo‘nalishiga ham aylangan.
Toshkentlik Baxtiyor Toshmuhammedov — tandirchilar sulolasining beshinchi avlodi. U otasi va bobolari kasbini davom ettirib, tandir ishlab chiqarishni zamonaviy usulda yo‘lga qo‘ygan, mahsulotlarini respublika bo‘ylab va xorij bozorlariga yetkazib berishni boshlagan.
Baxtiyorning so‘zlariga ko‘ra, tandirga bo‘lgan talab yil sayin ortmoqda — ayniqsa, kichik novvoyxonalar, restoranlar va uy xo‘jaliklari orasida. U ishlab chiqarish jarayonida ishlatiladigan materiallar, xarajatlar va mijozlar bilan ishlashdagi o‘z tajribasi haqida so‘zlab berdi.
Baxtiyor aka, tandirchilik hunari ortidan topgan ilk daromadingizni eslay olasizmi?
Oilada 4 o‘g‘ilmiz, barchamiz dodam va otamning tandir yasashini ko‘rib, shu hunarga qiziqqanmiz. Esimni tanibmanki, qo‘lim loyda. Birinchi marta, 1980-yillar boshida uydagilar yasagan tandirdan ortib qolgan mayda-mayda loylarni yig‘ib, kichkina tandir tayyorlaganman. U davrda mitti tandirlar bugungidek urfga kirmagan edi.
Akalarim “Nima qilyapsan, bu kichkina tandirni odamlar ishlatolmaydi, birov sotib ham olmaydi?”, deyishgan. Tandir bitgach, uni ko‘chaga qo‘yib, reklama e’lon ham o‘rnatganmiz. Bir necha kundan so‘ng koreys millatiga mansub erkak qiziqish bildirib, 25 so‘mga xarid qilgan. Uni Rossiyada yashaydigan qizi Toshkentda bir muddat istiqomat qilgani uchun tandirda pishgan somsa va nonlarni sog‘ingan ekan.
Yetkazib berishga qulay bo‘lgani bois atay kichkina tandirni sotib olgan. Ilk mustaqil ishim va daromadimning tarixi mana shunday. O‘shandan keyin asta-sekin katta tandirlar yasashga o‘tganman.
Hozirda tandirning qanday turlarini yasaysiz, oyiga nechta tayyorlaysiz?
Bir oyda mana buncha tandir quramiz, deya olmayman va bunday reja bilan ish qilmaymiz. Chunki hammasi mijozning talabi va kuch-quvvatimizga bog‘liq. Mavsumda, ya’ni yoz oylarida o‘rtacha 8−9 ta tandir yasaymiz. Oxirgi yillarda ko‘proq novvoyxona, somsaxonalarga tandir tayyorlab beryapmiz, shunga talab katta.
Bundan tashqari, keyingi paytlarda kichkina tandirlar keng ommalashyapti. Unga ko‘proq erkaklar ishqiboz bo‘lyapti, chunki ular uyida bola va nabiralariga o‘zlari somsalar yopib, shundan zavq olyapti. Uy tandir, go‘sht tandirlar ham yasaymiz. Qisqasi, talabga yarasha va kuchimiz yetganicha tayyorlab beramiz.
Korzinka savdo tarmog‘i va Beshqozon osh markazlarining ko‘plab filiallariga novvoy tandirlar qilib berganmiz, Rayhon milliy taomlar oshxonalariga esa somsa tandirlar tayyorlaganmiz. Shu bilan birga yurtimizning turli hududlari va qo‘shni mamlakatlardan tushgan buyurtmalar bo‘yicha ham tandirlar quramiz.



Tandir tayyor holga kelishi uchun nimalardan foydalanasiz va ularni qayerlardan olasiz?
Tandir uchun maxsus kulol tuprog‘i, echkining yungi va oddiy suvdan foydalanamiz. Boshqa hech qanaqa kimyoviy modda qo‘shilmaydi, faqat tabiiy narsalardan tayyorlanadi. Oldin kanop degan o‘simlik bo‘lardi, u loy bilan qorishtirilsa, tandirni baqquvat ushlab turardi. Biroq so‘nggi yillarda kanop ekilmay qo‘ydi, kamayib ketdi.
Tandirni duch kelgan tuproqdan qilib bo‘lmaydi. Agar tuproq yaxshi bo‘lmasa, tandir sifatli chiqmaydi. Biz ishlatadigan tuproqni oldin ko‘p joylardan topish mumkin edi, eng zo‘rlarini daryolar bo‘ylaridan olardik. Bugungi kelib esa bu muammoga aylandi. Chunki hamma joy sotilib ketyapti, o‘z egalari bor.
Hozir tuproqni asosan Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on, Chinoz, Angren tumanlaridan olib kelamiz. Bitta novvoy tandir 500 kilo chiqadi, kattarog‘i esa 700−800 kilo bo‘ladi. Unga qancha tuproq ketishini o‘zingiz hisob-kitob qilavering. Echki yungini esa sifatiga qarab, kilosini 5 ming so‘mdan 10 ming so‘mgacha xarid qilamiz. Yung voha viloyatlaridan keladi.
Tandirlaringiz narxi bir-biridan nimaga asosan farq qiladi?
Sir emaski, qo‘l mehnati orqali yaratilgan har qanday mahsulot hamisha qadrlanadi va bu uning narxiga ham ta’sir ko‘rsatadi. Tandir ham 100% qo‘l mehnati asosida yasaladi. Tandirning qalinligi, unga qancha yung ishlatilgani, mahsulotni yetkazib berish kabi omillar ham albatta, inobatga olinadi.
Hozirgi kunda kichkina tandirlarning donasi 1,3 mln so‘mdan boshlanadi. U tayyor holda bo‘ladi, uyga olib borgach, olov yoqib, somsa yoki nonni yopaverasiz. Novvoy tandirlarning narxi esa 2,5 mln so‘mdan 3 mln so‘mgacha etib belgilangan.
Lekin bizda bitta qat’iy narx bo‘lmaydi. Mijozning qanday xajmdagi tandir xohlayotgani va qilgan mehnatimizdan kelib chiqib ham baholanadi.
Telegram, Instagram kabi ijtimoiy tarmoqlar orqali onlayn savdoni ham yo‘lga qo‘ygansiz. Mazkur marketing usuli tandirlar sotilishida qay darajada samara beryapti?
Onlayn-savdo mijozlarning uzog‘ini yaqin qilyapti. Masalan, Koreya, Amerika kabi dunyoning turli nuqtalaridan turib, tandirlar va ularning narxiga qiziqadiganlar ko‘p. Ayrim paytlarda tandirni o‘zimiz aeroportga olib borib, xorijga chiqarib yuboramiz. U yoqda esa mijozlar kutib oladi. Internet hozirda mahsulot sotilishida muhim rol o‘ynamoqda.



Doimiy mijoz siz uchun qanchlik muhim? Uni yo‘qotib qo‘ymaslik uchun nimalarga ahamiyat qaratasiz?
Mijoz masalasida umuman qiynalmaganman, chunki haligacha ota-bobomning mijozlari bilan ishlab kelamiz. Ayrimlar “Dodang yoki otang yasagan tandirdan 10−15-yil foydalandik, shuning uchun yana shu sulola tandirlaridan ishlatmoqchimiz”, deyishadi.
Bu albatta, xursand qiladi va mas’uliyat yuklaydi. U mijozlarni ushlab qolish uchun ishimizga mehr berib, sifatli tandir tayyorlashga hamda sulolamiz nomiga dog‘ tushirmaslikka harakat qilamiz.
Dadamning “Bolam, nima ish qilsang ham, mehr bilan bajargin. Mendan ketguncha, egasiga yetguncha, degan fikrda ish tutma. Songa emas, sifatga ahamiyat qaratgin”, degan gaplari doim yodimda. Agar tandir sifatli bo‘lsa, xaridorning ko‘ziga pul ham ko‘rinmaydi. Yillar o‘tib, o‘sha mijozlar mening tandirimni qidirib keladigan darajada sifatli qilib yasashim zarur. Mijozni bir martalik qilib qo‘yish kerak emas.
Faoliyatingiz davomida kredit olib ko‘rganmisiz?
Kreditga hech qiziqmaganman, bu masalada banklarga ishim ham tushmagan. Kredit olib, faoliyat yuritishga ijobiy qaramayman. Har qanaqa ishni ham dastlab kichkina qadamlardan boshlash lozim. Katta narsaga birdaniga sakrab yuborish kerak emas. Inson qiynalsa ham asta-sekin noldan ko‘tarilgani yaxshi, deb o‘ylayman. U bir yoki ikki yil qiynalishi mumkin, ammo keyinchalik hammasi ijobiy tarafga o‘sadi.
Ba’zan shu ustaxonam ko‘zimga kichkina ko‘rinib ketadi, shunday paytlarda katta ishlar qilgim keladi. Lekin shoshilmayman, birovdan qarz yoki bankdan kredit olish fikriga bormayman. Odam mehnat va harakat qilsa, barcha narsaga erisharkan.
Ayrimlar kredit olib, katta ishlarga qo‘l uradi, lekin vaqt o‘tib, rejalari o‘xshamay, qarzni to‘lolmaydi. Kimdandir qarz olganingizdan keyin bo‘yningizda nimadir bosib turadi, xotirjamlik, huzur-halovatingiz yo‘qoladi.
Yoshlarga ham maslahatim shuki, kredit olmasdan, ozgina qiynalsa ham bir necha yilda oyoqqa turib olish mumkin. Qisqa vaqt ichida boy bo‘lib ketsa ham bo‘lmaydi, hamma narsa asta-sekin bo‘lgani yaxshi.
Hunarmand-tadbirkor sifatida faoliyati boshlamoqchi bo‘lgan yoshlarga qanday maslahatlaringiz bor?
Bitta tandirni to‘rt-besh kishi yasaymiz, asosan, aka-ukalar mehnat qilamiz. Bizning ishni hozirgi yoshlar qila olmaydi. Chunki mehnati og‘ir, chidash qiyin. Bugungi yoshlarning deyarli barchasi telefon orqali daromad topsam deydi, oson tomonini o‘ylaydi.
Telefonga qarab gapirib, blogerlik orqali pul topish ommalashib bo‘ldi. Yoshlik davrimizda novvoy, duradgor yoki ustalarning oldida yosh-yosh shogirdlari birga yurib, hunar o‘rganardi. Biz ham kichkinaligimizdan dadamning yonlarida yurib, qilayotgan harakatlariga qiziqib, ularga qarashganmiz va suyagimiz mehnatda qotgan.
Hozirgi yoshlarga maslahatim — bitta bo‘lsa ham hunar o‘rgansin. Dunyoning qayeriga bormasin, o‘sha hunari uni boqadi, birovdan kam qilmaydi. Hunari bor odam kimningdir qo‘liga qarab qolmaydi, qaram bo‘lmaydi. Har doim cho‘ntagida puli bo‘ladi.
Qanday hunar o‘rganishidan qat’iy nazar unga birinchi o‘rinda mehr bersin. Pulga qiziqmasdan, o‘z ishiga mehr bilan yondoshsa, mehnatni zo‘r qilsa, odamlar va pulning o‘zi uni qidirib keladi.







