O‘zbekistonda nasiya bozori ishtirokchilari uchun o‘z-o‘zini boshqarish tizimi joriy etiladi. Bu haqda 24-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Markaziy bank boshqaruvi raisi Timur Ishmetov maʼlum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.
Ishmetov BNPL (“Buy now pay later” — “Hozir sotib ol, keyin to‘la”) sektorini tartibga solish bo‘yicha rejalar haqidagi savolga, Fintex assotsiatsiyasi hamda bozor ishtirokchilari bilan Axloq kodeksi ishlab chiqilib, muhokamaga qo‘yilganini eslatib o‘tdi.
Nasiya bozoridagi birlamchi oraliq yechim sifatida ishlab chiqilgan hujjat bozor ishtirokchilari uchun o‘z-o‘zini boshqarish mexanizmini joriy etishni nazarda tutadi.
“Biz bozor ishtirokchilariga bir qator talablarni qo‘ydik. Masalan, [nasiya mahsulotlarida] „foizsiz“ degan so‘zlarni ishlatmaslik, ma’lumotlarni, mahsulot ustiga qancha ustama qo‘yganligi va bu ustamani bank foiziga aylantirsa, kreditlarning effektiv stavkasi qanchani tashkil etishini ochiqlash kabi talablar. Bu oshkoralikni ta’minlaydi”, — dedi Timur Ishmetov.
Markaziy bank raisi Axloq kodeksiga amal qiluvchilarga ishonch belgisi taqdim etilib, ular bilan ishlash bo‘yicha tavsiyalar berilishini ta’kidladi. Keyingi bosqich esa, nasiya savdo sohasi bo‘yicha tegishli qonunni ishlab chiqishni o‘z ichiga oladi.
Ishmetov bu jarayon, ayniqsa, yangi yo‘nalish uchun qonunchilik normasini ishlab chiqish uzoq vaqt talab qilishini aytdi.
“Bu jarayon hali ancha davom etadi. Biz bu masalani yil boshida e’lon qilganmiz va birlamchi natijalarga ham erishdik. Buni davom ettiramiz”, — deya xulosa qildi u.
Nasiya bozori
May oyida Timur Ishmetov muddatli to‘lov bozorini tartibga solish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. Regulyator BNPL “muayyan xatarlarni” keltirib chiqarishini qayd etmoqda. Banklar aholining qarz yukida bo‘lib-bo‘lib to‘lashni hisobga oladi.
Oxirgi olti yilda muddatli to‘lov bozorida tushumlar 25 barobarga oshib, 201,3 mlrd so‘mga yetdi, birgina o‘tgan yilning o‘zida shartnoma tuzganlar soni 1,9 mln nafar bo‘lgan. Markaziy bank nasiya savdosi asosan yoshlar o‘rtasida ommalashgani (35 yoshgacha bo‘lganlar soni 63%) hamda ularning qarzdorlik ko‘rsatkichi past ekanligini qayd etdi.
Regulyator eng ommabop tovarlardan biri — iPhone 16 Pro Max (256 GB) misolida do‘konlardagi narxlar, bo‘lib to‘lash shartlari va kredit stavkalari shakllanishini o‘rgandi. Nasiyaga sotib olingan telefon uchun qo‘shimcha ustama 44,3% gachani, bank foiz stavkasida esa qariyb 74% ni tashkil etadi.
Shartnomalarda ustama yoki real foiz stavkasi aniq ko‘rsatilmagani mijozlar qarz yukining ortishiga, kreditlarning esa muammoliga aylanishiga sabab bo‘lmoqda. Markaziy bank rahbariga ko‘ra, kredit yuki 50% dan oshmasligi kerak, biroq nasiya savdo bo‘yicha aksar majburiyatlar kredit byurolarida aks etmayapti. Shu sababli aholining real qarz yuki ortib bormoqda.
Spot Fintex assotsiatsiyasi vakillari va BNPL bozorining asosiy ishtirokchilari bilan Markaziy bank tashabbusidan keyin nimalar o‘zgarishi, soha bunga qanday munosabatda bo‘lishi va iste’molchilar nimani kutayotgani haqida suhbatlashdi.
Oktabr oyiga kelib, regulyator nasiya savdo bozori ishtirokchilarining Axloq kodeksi loyihasini jamoatchilik muhokamasiga taqdim etdi. Unda yangi mijozlarga 2 mln so‘mlik cheklov, bo‘lib to‘lash miqdori daromadning yarmidan oshmasligi, qo‘shimcha to‘lovlar esa qarzning 50%idan ko‘p bo‘lmasligi belgilanmoqda.
Avvalroq kredit tashkilotlariga onlayn mikroqarz rasmiylashtirishda yangi talablar belgilanishi haqida xabar berilgandi. Markaziy bank kredit tashkilotlariga ma’lumotlarni kredit byurolariga real vaqtda berish majburiyatini yuklashni taklif qilmoqda.
