Oson fintex xoldingi Birlashgan Arab Amirliklari bozoriga kirib, Yaqin Sharqda o‘z faoliyatini kengaytirishga hozirlik ko‘rmoqda. Bu haqda Spot‘ga kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Dubay Moliyaviy xizmatlar boshqarmasi (DFSA) Oson‘ga mamlakatda faoliyat yuritish uchun dastlabki ruxsatnomani taqdim etdi. Yaqin kelajakda 3C toifasidagi (Providing Money Services) litsenziya berilishi kutilmoqda. Bu xizmat ko‘p valyutali hamyonlar va chegaralararo to‘lovlarni, shuningdek, B2B segmenti uchun fintex infratuzilmasini rivojlantirish imkonini beradi.

Bundan tashqari, qaror Oson‘ga Dubay xalqaro moliya markaziga (DIFC) kirish yo‘lini ochadi. Oson bu yerda xolding uchun xalqaro operatsiyalar markazi hamda Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika bozorlariga chiqish nuqtasi bo‘ladigan maxsus tuzilma yaratishni mo‘ljallamoqda.

Xolding rahbari Farhod Mahmudov BAA tartibga soluvchi organining ruxsatnomasini “yangi bosqichga o‘tish” deb baholadi.

“DFSA dunyodagi eng nufuzli tartibga soluvchi organlardan biri hisoblanadi va uning tasdig‘i Oson‘ning tuzilmasi, xavflarni boshqarish va muvofiqlik tizimlari xalqaro standartlarga mos ekanligini ko‘rsatadi. Biz Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq bozorlarini birlashtiruvchi fintex infratuzilmasini yaratmoqdamiz”, — dedi Mahmudov.

Oson xoldingi ilgari BAAda raqamli ko‘ngilochar va hamkorlikdagi fintex tashabbuslari asosiy yo‘nalishi bo‘lgan Oson Games loyihasi orqali o‘z ishtirokini kengaytirgan edi. DFSA ruxsatnomasi “xalqaro darajadagi neobank” yaratish imkonini beradi, deb umid qilmoqda kompaniya.

Oktabr oyi o‘rtalarida Dushanbedagi Plus Forum‘da Oson Tojikistonda yangi xizmatlar, jumladan, elektron hamyonlar va to‘lov tizimini ishga tushirishini eʼlon qildi. Kompaniya Humo Bank, Vasl Bank va bir nechta mahalliy fintex startaplari bilan shartnomalar imzoladi.

Qo‘shni Qirg‘izistonda Oson operatsion kompaniya ochishni rejalashtirmoqda. To‘lov tashkiloti allaqachon to‘lov tizimini ishga tushirish uchun litsenziya olishga hujjatlarni rasmiylashtirmoqda, shuningdek, xolding tarixida birinchi marta kriptoaktivlar bilan ishlash xizmatlarini yo‘lga qo‘ymoqchi.

Oson’ga investorlar kelmoqda

Sentabr oyida Oson to‘lov xizmatini boshqaruvchi Brio Group kompaniyasining egasi o‘zgardi. Kompaniya aksiyalarining 100%i Farhod Mahmudovdan Oson Capital’ga o‘tdi. Shuningdek, Farhod Mahmudov affillangan shaxslar ro‘yxatidan chiqarilib, uning o‘rniga Oson Capital qo‘shildi (100% unga tegishli).

Farhod Mahmudov Spot’ga bergan izohida kompaniyaga investorlar kirib kelayotganini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, bir yil avval O‘zbekistondagi Oson bosh direktori lavozimidan ketganidan so‘ng, u O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va BAAni qamrab olgan xolding darajasida rivojlanish strategiyasi bilan shug‘ullanmoqda hamda investorlar bilan muzokaralar olib bormoqda.

“Har bir mamlakatning barcha operatsion kompaniyalari xolding egaligiga o‘tadi, ularning egalaridan biri men bo‘laman. Keyinroq investorlar tarkibini e’lon qilamiz”, — dedi tadbirkor.

2024-yil iyul oyida Farhod Mahmudov Spot’ga Oson brendning 15% ini sotib oladigan xorijiy kompaniya bilan muzokaralarning yakuniy bosqichida ekanligini ma’lum qilgandi. Kelajakda to‘lov xizmati IPOga chiqmoqchi.

Spot, avvalroq, Uzum Londonni IPO uchun maydon sifatida ko‘rib chiqayotgani haqida yozgandi.