O‘zbekistonda dollarning rasmiy kursi yana pasaydi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.
Regulyator Amerika valyutasining 30-oktabrdan amal qiladigan qiymatini 11 990,53 so‘m etib belgiladi. Bir kunda kurs 13 so‘m 94 tiyinga arzonlashdi.
Bu kurs keskin ko‘tarilgan 2023-yil 10-avgustdan beri eng past ko‘rsatkichdir. Dollar joriy oyda uch marta o‘sha paytdan beri qayd etilgan minimal qiymatlarni yangiladi. 6-oktabr kuni kurs 12 022 so‘mga, 21-oktabrda 12 011 so‘mga hamda 28-oktabr kuni 12 004 so‘mga tushdi.
Sentabr oyida Markaziy bank boshqaruvi raisi Timur Ishmetov regulyator almashuv kursini shakllantirish siyosatini biroz o‘zgartirib, uning moslashuvchanligini oshirganini aytgandi. U bu bozor ishtirokchilarida kutilmalarning to‘g‘ri shakllantirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
O‘zbek so‘mi ketma-ket beshinchi oy dollarga nisbatan mustahkamlanib, sentabrda milliy valyuta 414 so‘mga, yil boshidan buyon esa 852 so‘mga qimmatlashgan. Dollar kursi 2023-yil avgustidan beri eng past darajaga tushdi.
To‘qqiz oyda O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari $13,9 mlrdga yetdi. Natijada, ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 24% ga o‘sdi. Shunga qaramay, transfertlar hajmida ketma-ket ikkinchi oy pasayish kuzatildi.
Bundan tashqari, bu davrda mamlakat ichki bozorida xorijiy valyutaga talab 23,5% ga oshib, $42,67 mlrd, taklif esa 24% ga oshib, $34,4 mlrdga yetdi. Aholi banklarga xaridga nisbatan $6,7 mlrddan ortiq valyuta sotdi.
Avvalroq Markaziy bank boshqaruvi raisi Timur Ishmetov so‘m mustahkamlanishi tashqi qarzga xizmat qilish xarajatlarini qisqarganini maʼlum qilgandi: davlat tashqi qarzi bo‘yicha 1,3 trln so‘m, korporativ qarz bo‘yicha esa 3,6 trln so‘mlik mablag‘lar tejalgan.
