Hokimlik boshqaruv xodimlarining samaradorlik ko‘rsatkichlarini baholash tartibi belgilandi. Bu haqdagi tegishli hujjat Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Bu namunaviy tartib hokimliklardagi davlat fuqarolik xizmati lavozimlarida ishlovchi xodimlarning faoliyatini samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) asosida baholashni nazarda tutadi. U Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi va barcha hokimliklar uchun ichki baholash tartibini belgilashda qo‘llaniladi.
Samaradorlik ko‘rsatkichlari quyidagi talablarga javob berishi kerak:
- aniq bo‘lishi;
 - vaqt chegarasining mavjudligi;
 - kompetentligi;
 - maqsadliligi;
 - erishish mumkinligi;
 - o‘lchanadigan bo‘lishi.
 
Hokimlik xodimlari faoliyatining samaradorlik ko‘rsatkichlarini ishlab chiqish, tasdiqlash va ularni baholash belgilangan sxemaga asosan samaradorlik.uz elektron platformasi orqali amalga oshiriladi. Samaradorlik maxsus reyting tizimi orqali baholanadi.
Unga ko‘ra, 70 balldan kam natija qoniqarsiz, 70−85 ball — qoniqarli, 85−100 ball — yaxshi, 100 ball va undan yuqori esa aʼlo deb hisoblanadi.
Joriy yilning iyunida 2026-yildan boshlab davlat xizmatiga birinchi marta qabul qilingan xodimlar bilan mehnat shartnomasi dastlab bir yil muddatga tuzilishi haqida xabar berilgandi.
Spot, avvalroq, sun‘iy intellektni rivojlantirishga mas‘ul hokim maslahatchisi lavozimi joriy etilishi haqida yozgandi.
                                                    
											
                            
											
											
											
											
											
											