Shavkat Mirziyoyev 29-oktabr kuni ijtimoiy sug‘urta tizimini takomillashtirish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Kambag‘allik darajasi 2021-yildagi 17% dan 6,8% ga, kam ta’minlangan sifatida nafaqa oluvchi oilalar ulushi esa 14% dan 6,1$% ga kamaydi.

Shu bilan birga, davlat murakkab hayotiy sharoitlarda fuqarolarning daromadlarini yo‘qotishning oldini olish va ularni kambag‘allikdan himoya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratmoqda.

Taqdimotda bu boradagi dolzarb masalalar ko‘rsatib o‘tildi. Jumladan, xususiy sektorda band bo‘lgan aholining barchasiga ham homiladorlik, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik va ishdan bo‘shash bo‘yicha nafaqalar to‘lab berilmayotgani qayd etildi.

“Bu holatni to‘lovlar ko‘p hollarda ishlab chiqariladigan mahsulot tannarxining oshishiga olib kelayotgani va raqobatbardoshlikka ta’sir ko‘rsatayotgani, ish beruvchilar nafaqalarni to‘lashga ortiqcha yuklanma sifatida qarayotgani sababli tadbirkorlar uchun ushbu tizim jozibador emasligi bilan izohlash mumkin”, — deyiladi xabarda.

Qolaversa, Xalqaro mehnat tashkilotining “Ijtimoiy ta’minotning minimal normalari to‘g‘risida"gi va “Onalikni muhofaza qilish to‘g‘risida"gi konvensiyalariga muvofiq, tug‘ish va kasallik bo‘yicha nafaqalar ijtimoiy sug‘urta mexanizmlari orqali to‘lanishi belgilangan.

nafaqa, shavkat mirziyoyev

Taqdimotda aholini ijtimoiy nafaqalar bilan qamrovini oshirish hamda milliy ijtimoiy sug‘urta tizimini xalqaro hujjatlarga uyg‘unlashtirish maqsadida ishlab chiqilgan takliflar ko‘rildi.

Rasmiy band bo‘lgan barcha shaxslarga nafaqalar bosqichma-bosqich Ijtimoiy himoya jamg‘armasi tomonidan to‘lanishi yo‘lga qo‘yiladi. 2026-yildan boshlab ayollarga homiladorlik nafaqasi, 2026-yil ikkinchi yarmidan esa vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalari to‘lab boriladi.

Yangi tizimning asosiy maqsadi ayollar va ishchilarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish bilan birga rasmiy mehnat munosabatlarini rag‘batlantirish ekani ta’kidlandi.

Prezident takliflarni ma’qullab, ijtimoiy sug‘urta sohasini raqamlashtirish, tizim shaffof ishlashi, nafaqalar proaktiv ravishda tayinlanib, to‘lab borilishini ta’minlash yuzasidan aniq topshiriqlar berdi.


Avalroq Spot banklarga aholiga kredit ajratishda yangi talablar belgilanayotgani haqida yozgandi.