Prezident kasbiy taʼlim tizimida islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha qarorni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy-axborot kanali xabar berdi.

Hujjat bilan, kasbiy taʼlim tizimini 2030-yilgacha isloh qilishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari belgilandi. Unga ko‘ra, xalqaro va qo‘shma taʼlim dasturlari joriy etilgan texnikumlar soni kamida 250 taga yetkaziladi.

9-sinf bitiruvchilarining kasbiy taʼlim bilan qamrovi amaldagi 29% dan 50% ga yetkaziladi. Xorijda malaka oshirish va stajirovka o‘tash dasturlarida ishtirok etgan pedagoglar soni 100 nafardan 2,5 ming nafarga oshiriladi.

Maktabning 10-sinf o‘quvchilariga o‘qishini texnikumlarga ko‘chirishga ruxsat beriladi.

2026-yildan boshlab 5-may kuni “Kasb va mehnat kuni” sifatida har yili keng nishonlanadi.

Ushbu kun doirasida jamoatchilik, ayniqsa, yoshlar orasida kasblar jozibadorligini oshirish va kasbiy taʼlimni ommalashtirishga qaratilgan tadbirlar tizimli ravishda amalga oshiriladi.

Spot, avvalroq, dual ta‘lim uchun texnikumlarning hamkor korxonalariga imtiyozli kredit berilishi haqida yozgandi.