Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev boshchiligidagi hukumat delegatsiyasi investitsiyaviy va sanoat hamkorligini rivojlantirish maqsadida Saudiya Arabistoniga ishchi tashrif bilan bordi. Tashrif davomida delegatsiya tarkibida Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Shoxrux Gulamov ham ishtirok etdi.

Muzokaralarda Saudiya Arabistoni investitsiyalar vaziri Xolid Al-Falih hamda qirollikning yirik kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.

Uchrashuvlarda sanoat, energetika, infratuzilma, sog‘liqni saqlash va mehnat migratsiyasi sohalarida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Tashrif yakunida O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Riyadh Cables Group o‘rtasida bitim imzolandi. Mazkur bitim Toshkent shahrida yuqori voltli kabel mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyiha amalga oshirishni nazarda tutadi.

Loyiha qiymati $122 mlnni tashkil etadi. Ishlab chiqarish quvvati yiliga 24 ming tonna mahsulotni tashkil qilib, 340 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Shuningdek, tashrif doirasida energetika, suv ta’minoti, axborot texnologiyalari, qishloq xo‘jaligi va infratuzilma sohalarini qamrab olgan 20 dan ortiq qo‘shma loyihalar bo‘yicha kelishuvga erishildi. Ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun amaliy harakatlar rejasi tasdiqlandi.


Avvalroq Spot Turkiya kompaniyasi Quvasoyda $25 mlnlik kabel zavodi ochishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, korxona past kuchlanishli, kelgusida o‘rta kuchlanishli kabellar ham ishlab chiqaradi.