Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev va Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchichning rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tgani haqida yozgandi.

Muzokaralarda alohida e‘tibor tovar ayirboshlashni ko‘paytirish, mashinasozlik, farmatsevtika, kimyo sanoati, axborot texnologiyalari va raqamlashtirish, agrosanoat majmui, turizm hamda ko‘plab boshqa muhim tarmoqlarda keng ko‘lamli kooperatsiya dasturini tayyorlash masalalariga qaratildi.

Markaziy Osiyo — Bolqon yo‘nalishida yangi transport yo‘laklarini, jumladan, Transkaspiy koridori doirasida rivojlantirish muhimligi qayd etildi.

Hamkorlikning iqtisodiy kun tartibini ilgari surish maqsadida kelgusi yilda Toshkentda Hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishini o‘tkazishga kelishib olindi.

Tartibli mehnat migratsiyasi, madaniy-gumanitar va ta‘lim sohalaridagi hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.

Bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr Vuchich Qo‘shma deklaratsiyani imzoladilar.

Yetakchilar huzurida hukumatlararo va idoralararo hujjatlar to‘plamini qabul qilish marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Jumladan:

  • Investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risida bitim;
  • Iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • Tibbiy xizmatlar sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • Turizm sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • Ta’lim, fan va madaniyat sohalaridagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • Muhandislik, ilg‘or texnologiyalar, sun’iy intellekt va turdosh sohalardagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • Diplomatik kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
  • Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha 2026−2027-yillarga mo‘ljallangan dastur;
  • Mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida memorandum;
  • Sport va jismoniy tarbiya sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
  • Toshkent va Belgrad shaharlari o‘rtasida sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida bitim.