Toshkentning yangi xalqaro aeroporti uchun O‘rta Chirchiq tumanidan ajratilgan yerlar yashaydigan aholi va fermerlarga kompensatsiya beriladi. Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
24-oktabr kuni O‘rta Chirchiq tumani hokimi Ixtiyor Kasimov Xalqobod mahallasi aholisi hamda hududdagi fermer xo‘jaliklari rahbarlari bilan muloqot o‘tkazdi. Unda yangi aeroport qurilishi bilan bog‘liq tashkiliy ishlar muhokama qilindi.
Loyiha O‘rta Chirchiq hamda Quyi Chirchiq tumanlaridagi 1 300 gektar maydonda amalga oshirilishi belgilangan. Xususan, yangi aeroport qurilishi uchun Xalqobod va Yangiyo‘l mahallalaridan yer ajratilgan.
Qayd etilishicha, olingan yerlardagi aholi xonadonlari va fermerlar bino-inshootlari uchun kompensatsiya berish rejalashtirilgan.
Ixtiyor Kasimov muloqotda mablag‘larni to‘lab berish tartibi yuzasidan batafsil tushuntirish berdi.

Spot o‘rgangan ma’lumotlarga ko‘ra, poytaxtning yangi havo bandargohi Yangiyo‘ldan taxminan 7 km sharqda qurilishi mumkin.
Yandeks Xarita ma’lumotlariga ko‘ra, obyektning janubida Yangitosh va Tinchlik aholi punktlari, shuningdek, Yangi Hayot shaharchasi joylashgan. G‘arbdan Chirchiq daryosi oqib o‘tadi, sharqda temir yo‘l (to‘xtash joyi 22 km), shimolda esa Toshloq va Yunuchqal’a shaharchalari joylashgan.
Islom Karimov nomidagi mavjud xalqaro aeroport va yangi havo bandargohi orasidagi masofa 15 km.dan ortiqni tashkil etadi.
Toshkentning yangi aeroporti
Shavkat Mirziyoyev 15-oktabr kuni Toshkent viloyatidagi yangi xalqaro aeroport loyihasining qurilishiga rasman start berdi va bo‘lajak havo bandargohiga tamal toshi qo‘ydi.
DXSh loyihasining xususiy hamkorlari sifatida Vision Invest (Saudiya Arabistoni), Sojitz (Yaponiya) va Incheon (Janubiy Koreya) tanlangan. Ularning xalqaro konsorsiumdagi ulushlar quyidagicha: Vision Invest — 45%, Sojitz Corporation — 30%, Incheon International Airport Corporation — 15% va Uzbekistan Airports — 10%.
Foydalanishga topshirilgandan so‘ng, aeroport yiliga 20 mln yo‘lovchi va 129 ming tonna yuk tashish, soatiga 30 tagacha uchish va qo‘nishni amalga oshirish va bir vaqtning o‘zida 62 ta samolyotni joylashtirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Yangi majmua Toshkent-Samarqand, Toshkent-Andijon va Toshkent-Bo‘stonliq pulli avtomobil yo‘llari bilan bog‘lanadi. Bu yerda tezyurar poyezdlar uchun temir yo‘l stansiyasi quriladi va Toshkent va Yangi Toshkent o‘rtasida shattllar ishga tushiriladi.
Prezident havo bandargohi poytaxt va Toshkent viloyati o‘rtasidagi chorraha vazifasini bajarishini qayd etdi. Aeroportga 25 daqiqada yetib borish mumkin bo‘ladi. Loyiha O‘zbekiston iqtisodiyotiga yiliga $770 mln daromad keltiradi.
Avvalroq Toshkent aeroportida yangilangan uchib kelish zali ochilgani haqida xabar berilgandi. Ta’mirlash ishlari doirasida uchib kelish zali 2200 kv.metrga, to‘xtash joyi 347 taga hamda VIP zal 300 kv.metrgacha kengaytirildi. Bundan tashqari, shaharga qaragan ochiq terassa ochildi.
