General Motors elektromobillarga bo‘lgan talabning pasayishi fonida AQShdagi zavodlarning “minglab” ishchilarini qisqartiradi.

The Wall Street Journal gazetasining yozishicha, kompaniya elektromobillar va ular uchun akkumulyatorlar ishlab chiqaradigan zavodlarda “minglab” ishchilarni ishdan bo‘shatgan.

General Motors bu qarorni “elektromobillarni joriy etish sur’atlarining sekinlashuvi va tartibga solish shartlarining o‘zgarishi” bilan izohladi. Kompaniyaning AQShda jami 97 mingga yaqin xodimi mavjud.

Michigan, Ohio va Tennessee shtatlaridagi zavodlarda 2700 dan ortiq xodim qisqartirish ostiga tushdi. Bundan tashqari, yuzlab “vaqtinchalik” ishdan bo‘shatishlar rejalashtirilgan.

2026-yil yanvar oyidan boshlab kompaniya ikkita korxonada akkumulyatorlar ishlab chiqarishni to‘xtatadi. CNBC ma’lumotlariga ko‘ra, ishlab chiqarish 2026-yil o‘rtalariga qadar qayta tiklanadi va to‘xtash davridan uskunalarni modernizatsiya qilish uchun foydalaniladi.

2025-yil 30-sentabrdan AQShda bunday avtomobillarni xarid qilish uchun $7500 miqdoridagi federal soliq imtiyozi bekor qilindi.

GM kompaniyasining moliyaviy direktori Pol Jeykobson ta’kidlaganidek, kompaniya “elektromobillarning istiqbolli kelajagiga hamon ishonch bildirmoqda”, biroq ularni ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish uchun “tarkibiy o‘zgarishlar” kiritish zarur.


Avvalroq Spot YouTube kompensatsiya asosida ixtiyoriy ishdan bo‘shash dasturini boshlagani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, bunday dastur YouTube’ning bosh kompaniyasi — Google’da 2025-yil boshidan beri amal qilmoqda.