Qoraqalpog‘istonda sunʼiy intellekt loyihalari va maʼlumotlar markazlari uchun maxsus hudud yaratish boshlanmoqda. Bu haqda Prezident administratsiyasi Moliyaviy texnologiyalar, raqamlashtirish va sunʼiy intellekt bo‘yicha departamenti boshlig‘i o‘rinbosari Hikmatilla Ubaydullayev o‘z Telegram-kanalida maʼlum qildi.

Uning yozishicha, davlat rahbari ushbu hududni sunʼiy intellekt, bulutli texnologiyalar va yuqori samarali hisoblashlar byurokratik to‘siqlarsiz rivojlanadigan yirik raqamli investitsiyalar makoniga aylantirish topshirig‘ini bergan.

$100 mln va undan ortiq sarmoya kiritishga tayyor bo‘lgan xorijiy kompaniyalar 2040-yilgacha barcha soliq va bojlardan — QQS, daromad solig‘i, mol-mulk va yer solig‘i hamda bojxona yig‘imlaridan to‘liq ozod qilinadi. Xorijiy investorlar uchun dividendlarga 0% stavkada soliq solinadi.

Loyiha obyektlari uchun elektr energiyasi narxi 1 kVt/soatiga $0,05 bo‘ladi, Ubaydullayev bu mintaqadagi eng arzon tariflardan biri hisoblanishini taʼkidladi. Davlat agar investor o‘z mablag‘larining kamida 25% ini kiritsa barcha tashqi infratuzilmani qurish majburiyatini oladi. Jumladan, elektr energiyasi, yo‘llar, suv, gaz va optik aloqa liniyalari o‘tkazib beriladi.

Loyihalar “fast-track” tamoyili asosida amalga oshiriladi — loyihalashtirish, xarid qilish va qurilish ishlari bir vaqtning o‘zida olib boriladi. Yer uchastkalari bevosita Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi qarori bilan ajratiladi.

Qo‘shimcha qilinishicha, investorlarga mahalliy banklar ishtirokisiz yetkazib beruvchilar va pudratchilarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xalqaro to‘lovlarni amalga oshirishga ruxsat berildi, bu esa valyuta cheklovlaridan xalos etadi va hisob-kitoblarni tezlashtiradi.

“Imtiyozlar nafaqat sunʼiy intellektga, balki yuqori samarali hisoblash (HPC) va kriptosanoatga ham tegishli. Bu O‘zbekistonda o‘z sunʼiy intellekt ekotizimini yaratish va maʼlumotlar markazlarining mintaqaviy klasterini shakllantirish strategiyasining bir qismi hisoblanadi”, — deya xulosa qildi Hikmatilla Ubaydullayev.

21-oktabr kuni prezident raisligida sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishida Qoraqalpog‘istonda $100 mlndan ortiq qiymatga ega raqamli infratuzilma obyektlari 1 kVt soat uchun 5 sent narxida (hozirda 1 kVt soat uchun 1000 so‘m, bu — 8 sentdan ortiq) elektr energiyasi olishi maʼlum qilindi.

Bundan tashqari, oktabr oyi boshida Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak Qoraqalpog‘istonda mayning uchun elektr energiyasining imtiyozli tarifini eʼlon qilgandi.

Qoraqalpog‘istonda energiya sarfi yuqori bo‘lgan loyihalarni ustuvor joylashtirish mintaqada rejalashtirilayotgan qayta tiklanadigan energetika sohasidagi loyihalar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Qoraqalpog‘iston O‘zbekistonning data markazlar makoniga aylanishi haqida gapirgandi. Vazir investorlarga yengillik berish orqali hududga ko‘plab kompaniyalarni jalb qilish mumkinligi, bu startap ekotizimining rivojlanishiga va yoshlarning qiziqishiga turtki berishini aytdi.

Spot, avvalroq, prezident sunʼiy intellekt texnologiyalarini yana-da rivojlantirish bo‘yicha farmonni imzolagani haqida yozgandi.