Shavkat Mirziyoyevga ikki nafar yangi maslahatchi tayinlandi. Bu haqda prezident matbuot kotibi xabar berdi.
Jumladan, Prezident administratsiyasida hududlarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchi lavozimi joriy etildi. Unga Ravshan Gulyamov tayinlandi. Gulyamov shu munosabat bilan prezidentning iqtisodiy siyosat bo‘yicha maslahatchisi lavozimidan ozod etildi.
Shuningdek, Obid Hakimov prezidentning iqtisodiy siyosat bo‘yicha maslahatchisi etib tayinlandi. Hakimov bunga qadar prezidentning iqtisodiy siyosat bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari — Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori lavozimida faoliyat olib borayotgan edi.
Bundan tashqari, Aziz Magrupov prezidentning hududiy rivojlanish bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. U mazkur tayinlovgacha prezidentning tashqi investitsiyalar bo‘yicha vakili bo‘lib ishlab kelayotgandi.
Uchala amaldor ham Prezident Administratsiyasining iyul oyidagi islohoti davomida bugungi kungacha egallab turgan lavozimlariga tayinlangan edi. G‘ulomov 2023-yil avgustidan beri iqtisodiy rivojlanish masalalari bo‘yicha maslahatchi lavozimida faoliyat yuritib kelgan. Qayta tashkil etishdan oldin Magrupov tashqi investitsiyalar masalalari bo‘yicha maslahatchi, Hakimov esa iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish, investitsiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari bo‘yicha maslahatchi o‘rinbosari lavozimlarini egallab kelgan.
Spot, avvalroq, Sardorbek Umurzoqov Prezident administratsiyasining Tashqi aloqalar departamentining boshlig‘i etib tayinlangani haqida yozgandi.
