Vazirlar Mahkamasi 27-oktabr kuni O‘zbekistonda milliy qayta sug‘urta kompaniyasini tashkil etishni ma’qulladi. Qaror Lex.uz saytida e’lon qilingan.
O‘zbekiston milliy qayta sug‘urta kompaniyasi ustav kapitali 300 mlrd so‘mdan kam bo‘lmagan aksiyadorlik jamiyati shaklida tashkil etiladi. Aksiyalarning 50%i Istiqbolli loyihalar milliy agentligiga, qolgan 50%i xususiy investorlarga tegishli bo‘ladi.
Milliy qayta sug‘urta kompaniyasiga xususiy sheriklar sifatida qayta sug‘urtalash sohasidagi yetakchi xalqaro kompaniyalarni jalb qilish topshirildi.
Hukumat sug‘urta kompaniyasiga xorijiy banklarda hisobvaraqlar ochish, ular bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirish, shuningdek, sug‘urta to‘lovlari va sug‘urta hamda investitsiyalar bilan bog‘liq boshqa operatsiyalarni amalga oshirishga ruxsat berdi.
Shuningdek, u eng yaxshi takliflarni tanlab olish yo‘li bilan (onlayn savdolarsiz) asbob-uskunalar, texnika, aloqa vositalari va dasturiy ta’minotni xarid qilish huquqiga ega bo‘ladi.
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi qayta sug‘urta kompaniyasi ta’sis etilganidan keyin bir oy ichida uning ustav kapitaliga 5% miqdorida hissa qo‘shishi kerak bo‘ladi. Qolgan qismi yil davomida har uch oyda teng ulushlarda qo‘shiladi.
2031-yil 1-yanvargacha milliy qayta sug‘urta kompaniyasidagi davlat ulushi bo‘yicha dividendlar hisoblab chiqarish tartibida to‘liq ILMA hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.
Shavkat Mirziyoyev shu yil may oyida milliy qayta sug‘urta kompaniyasini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilgan edi. Uning vazifalari qatoriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri va portfel investitsiyalarni qayta sug‘urtalash orqali himoya qilish, xorijiy va mahalliy investorlar tomonidan loyihalarni amalga oshirishda xatarlarni sug‘urtalash, shuningdek, qayta sug‘urtalash sohasidagi xalqaro hamkorlik kiradi.
Avvalroq Spot ILMA to‘rtta sug‘urta kompaniyasini jami 156,5 mln so‘m jarimaga tortgani haqida yozgandi.
Bundan tashqari, Global Insurance Group litsenziyasining amal qilish muddati 10 kunga to‘xtatildi.
