Samarqand shahrida 30-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev va Slovakiya prezidenti Peter Pellegrini muzokara o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston bilan Slovakiya o‘rtasidagi strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yana-da kengaytirishning dolzarb jihatlari ko‘rib chiqildi.

Qo‘shma korxonalar soni uch barobar ko‘paydi. Tovar ayirboshlash va investitsiyalarning hajmini oshirish hamda muhim tarmoqlarda sanoat kooperatsiyasi loyihalarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekistondan to‘qimachilik, charm, meva-sabzavot va boshqa xaridorgir mahsulotlar, Slovakiyadan kauchuk, avtomobillar uchun butlovchi qismlar, farmatsevtika va boshqa sanoat tovarlari yetkazib berishni ko‘paytirishga kelishib olindi. Shu maqsadda milliy mahsulotlar ko‘rgazmalarini o‘tkazish, savdo uylarini ochish rejalashtirilgan.

Raqamlashtirish borasida banklarning kiberxavfsizlik monitoringini yuritish va yuk tashishlarni kuzatishning ilg‘or tizimlarini joriy etish bo‘yicha qo‘shma markaz tashkil qilish masalasini ishlab chiqish taklif qilindi.

Slovakiya biznesi bilan avtomobil butlovchi qismlar, tayyor sut mahsulotlari ishlab chiqarish va boshqa yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirishga tayyorlik bildirildi.

Gumanitar va ta‘lim almashinuvlarini faollashtirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. 2026-yilda Bratislava shahrida ikki mamlakat rektorlarining birinchi forumini o‘tkazish, turizm ko‘rgazmalari va o‘zaro Turizm kunlarini tashkil etish taklif qilindi. Tartibli mehnat migratsiyasini yo‘lga qo‘yish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi.

Ko‘p tomonlama maydonlarda o‘zaro qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Joriy yilning iyunida O‘zbekiston va Slovakiya o‘rtasida strategik sheriklik, standartlashtirish va energetikani tartibga solish kabi bir qator masalalar bo‘yicha kelishuvga erishilgandi.

Spot, avvalroq, O‘zbekiston va Slovakiya viza olish tartibini soddalashtirishi mumkinligi haqida yozgandi.