Ko‘ksaroy qarorgohida 31-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev va Finlyandiya prezidenti Aleksandr Stubb rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokara o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston bilan Finlyandiya o‘rtasidagi hamkorlikni siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar sohalarda yana-da mustahkamlash istiqbollari atroflicha ko‘rib chiqildi. Turli darajalardagi siyosiy muloqot va almashinuvlar jadal rivojlanib borayotgani, biznesga oid sheriklik faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

O‘zaro savdo hajmi izchil ortib, iqtisodiy va ishbilarmonlik aloqalari mustahkamlanmoqda. O‘zbekistonda Finlyandiya bilan hamkorlikda Xalqaro Nordik universiteti muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda, maktab ta‘limi sohasidagi dasturlar amalga oshirilmoqda.

Bugun o‘tgan O‘zbekiston-Finlyandiya biznes forumining yakunida umumiy qiymati 1 mlrd yevrodan ziyod istiqbolli qo‘shma loyihalar portfeli shakllantirildi.

Muzokaralarda tovar ayirboshlashni karrasiga oshirish, shu jumladan, o‘zaro mahsulot yetkazib berishni rag‘batlantirish uchun Savdoni moliyalashtirish qo‘shma jamg‘armasini tashkil etish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi va to‘qimachilik mahsulotlarini Yevropa Ittifoqi bozorlariga olib chiqish uchun sertifikatlash laboratoriyalarini ochish tashabbuslari qo‘llab-quvvatlandi.

Geologiya va muhim materiallar, energetika, agrosanoat, raqamlashtirish, sun‘iy intellekt, ekologiya, turizm va boshqa muhim tarmoqlarda kooperatsiyani kengaytirishga ustuvor ahamiyat qaratildi.

2026-yilda Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish va Ishbilarmonlar kengashini ta‘sis etish yuzasidan kelishuvlarga erishildi. Hududlararo hamkorlikni kengaytirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani ta‘kidlandi.

Ta‘lim, tibbiyot hamda mehnat migratsiyasi sohalaridagi hamkorlik masalalari ham ko‘rib chiqildi. Kelgusi yilda birinchi Rektorlar va innovatsiyalar forumini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuotb xizmatining xabar berishicha, O‘zbekiston-Finlyandiya biznes-forumi yakunida 14 ta hujjat imzolandi. Ular qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash, konchilik va geologiya, energetika, farmatsevtika, qurilish, turizm, ekologiya, chiqindilarni boshqarish va innovatsiyalarni joriy etish kabi yo‘nalishlarni ichiga oldi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligining xabariga ko‘ra, biznes-forumda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sut sanoatini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Forum doirasida O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Finlyandiyaning ikkita kompaniyasi bilan o‘zaro anglashuv memorandumlari imzolandi.

Jumladan, Valtra Tractors kompaniyasi bilan hamkorlikda qishloq xo‘jaligi texnikasini ishlab chiqarish mahalliylashtiriladi hamda agrar tarmoqqa intellektual texnologiyalar joriy etiladi. Valio Ltd. bilan esa O‘zbekistonda sut sanoatini rivojlantirish yo‘nalishlarida hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.

Spot, avvalroq, O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasida qanday hujjatlar imzolangani haqida yozgandi.