Avvalroq Shavkat Mirziyoyev va Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchichning rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari yakunida ikki mamlakat o‘rtasida bir qator hujjatlar imzolangani haqida xabar berilgandi. Bular qatorida Mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum ham bor.

Hujjat O‘zbekiston Migratsiya agentligi rahbari Behzod Musayev va Serbiya Madaniyat vaziri, sobiq Mehnat, bandlik, faxriylar va ijtimoiy masalalar vaziri Nikola Selakovich imzolandi.

Kelishuv xorijiy fuqarolarning qonuniy bandligini taʼminlash va huquqlarini himoya qilish, noqonuniy mehnat migratsiyasining oldini olish hamda bandlik tizimidagi tajribalarni o‘zaro almashishni nazarda tutadi.

Uning doirasida ikki mamlakat mutaxassislari mehnat migratsiyasiga oid qonunchilikni monitoring qilish, maʼlumot almashish va qo‘shma maslahatlashuvlar o‘tkazishni yo‘lga qo‘yadi.

Tomonlar o‘zbekistonlik fuqarolarni Serbiyada ishga qabul qilish tartibini muvofiqlashtirish uchun alohida texnik bayonnoma ishlab chiqishni rejalashtirgan.

Migratsiya agentligi rahbari Behzod Musayev mazkur hujjatda Serbiyaning yirik ish beruvchilari bilan standartlarni O‘zbekistonga olib kirish, o‘qitish tizimini yo‘lga qo‘yish belgilanganini qayd etdi.

Shu bilan birga, hamkorlik doirasida tashkillashtirilgan tartibda mehnat migratsiyasini amalga oshirish uchun mavjud muammolarni hal qilish rejalashtirilgan.

“Bugun mavjud masalalar juda keng muhokama qilindi. Birinchi navbatda, Serbiyaning O‘zbekistonda elchixonasini ochish. Chunki hozir fuqarolar Serbiyaga borib ishlamoqchi bo‘lsa, Moskvada joylashgan elchixonaga borishlariga to‘g‘ri keladi, bu esa maʼlum qiyinchiliklarni tug‘diradi. Ikkinchidan, Toshkent-Belgrad o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish. Bu xarajatlarni qisqartirgan holatda yangi imkoniyatlar yaratadi”, — deydi u.

Musayevning so‘zlariga ko‘ra, hujjat kelgusida ish beruvchilar uchun katta miqyosda kvotalarni ajratish, o‘zbekistonliklarni Serbiyadagi yuqori daromadli ishga joylashtirish imkonini beradi.

Spot, avvalroq, O‘zbekiston va Serbiya prezidentlari tartibli mehnat migratsiyasi masalasini ko‘rib chiqqani haqida yozgandi.