Senatning 11-yalpi majlisida “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida"gi qonun muhokama qilindi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.

Sentabr oyi avvalida ushbu qonun senatorlar tomonidan rad qilingandi. Hujjat Oliy Majlis palatalarida kelishuv komissiyasi tuzilgan holda qayta ishlandi.

Mazkur qonun bilan Davlat ijtimoiy sug‘urtasi jamg‘armasi tomonidan uch turdagi sug‘urta to‘lovlari to‘lanishi belgilanmoqda. Bular:

  • kasallik munosabati bilan vaqtincha mehnatga layoqatsizlik;
  • homiladorlik va tug‘ish;
  • ishni yoki daromadni yo‘qotish.

Bunday sug‘urta hodisalari yuzaga kelgan taqdirda, jamg‘arma tomonidan sug‘urtalangan shaxslarga yoki ularning oila aʼzolariga davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha vaqtincha nafaqa to‘lab berilishi nazarda tutilmoqda.

Jamg‘arma tomonidan davlat ijtimoiy sug‘urtasi mablag‘lari ijtimoiy soliqning bir qismi, sug‘urta badallari, budjet mablag‘lari, jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larini depozitlarga joylashtirishdan olinadigan daromadlar, qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa tushumlar hisobiga shakllantiriladi.

Shuningdek, qonunda davlat ijtimoiy sug‘urtasining amal qilishi kimlarga nisbatan majburiy, kimlarga nisbatan ixtiyoriy asosda amalga oshirilishi belgilanmoqda.

Bunda sug‘urta badali majburiy davlat ijtimoiy sug‘urtasi bilan qamrab olinadigan fuqarolar uchun davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun da belgilangan miqdorlarda jismoniy shaxslar daromad solig‘ining bir qismi hisobidan moliyalashtiriladi.

Ixtiyoriy davlat ijtimoiy sug‘urtasi bilan qamrab olinadigan fuqarolar uchun esa minimal to‘lov miqdori qonunchilik hujjatlari bilan belgilanadi.

Ushbu qonun ishga qabul qilish jarayonlarida xotin-qizlarga nisbatan kamsitish holatlarining oldini olishiga ham qaratilganligi bilan ahamiyatli ekanligi qayd etildi.

Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Prezident kasaba uyushmalari faollari va faxriylari bilan o‘tkazgan uchrashuvda davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risidagi qonun qabul qilinishini tezlashtirishga chaqirgandi.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda 2030-yilgacha mo‘ljallangan munosib mehnat dasturi ishlab chiqilishi haqida yozgandi.