Telegram endi ikki yillik Premium obunasini taklif etmoqda. Bu haqda Telegram Info xabar berdi.

Yangi ikki yillik rejani rasmiylashtirish uchun foydalanuvchi bir martalik taxminan $35,89 to‘lashi kerak (ilovalar do‘konlari vositachilik haqini hisobga olmagan holda).

Qayd etilishicha, bu ikki yil davomida yillik obuna yoki oyma-oy Premium to‘lashdan ko‘ra arzonroq.

Tahririyatning aniqlashicha, hozirgi vaqtda ushbu aksiya rossiyalik messenjer foydalanuvchilari orasida amal qilmoqda. Taklif boshqa mamlakatlarga ham tarqatiladimi — hozircha noma’lum.

Avvalroq Telegram ikki daqiqada $11 mlnlik virtual sovg‘alarni sotgani haqida xabar berilgandi.

Premium foydalanuvchilari uchun mo‘ljallangan ikkita cheklangan sovg‘a atigi 15 soniyada sotilgan.

O‘tgan yil dekabr oyida Pavel Durov Telegram uch yillik monetizatsiya davrida birinchi marta daromadli bo‘lgani, 2024-yil esa “juda muvaffaqiyatli” bo‘lganini ma’lum qilgan edi.

Xususan, Telegram Premium obunachilari soni uch baravar ko‘payib, 12 mln foydalanuvchiga yetdi, reklamadan tushgan daromad “bir necha barobar” oshdi va messenjerning umumiy daromadi $1 mlrddan oshdi.


Avvalroq Spot Rossiyada Telegram va WhatsApp’da ro‘yxatdan o‘tish cheklanayotgani haqida yozgandi.

Operatorlardan Telegram va WhatsApp tomonidan yangi foydalanuvchilarni ro‘yxatdan o‘tkazishga urinishda SMS va qo‘ng‘iroqlarni uzatishni to‘xtatish talab qilinmoqda.