Chexiyaning yirik mashinasozlik xoldingi Škoda Group O‘zbekistonda temir yo‘l transportini ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda xolding matbuot xizmati xabar berdi.

24-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev Bryusselda Yevropaning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari bilan davra suhbati o‘tkazgan edi. Uchrashuvda Škoda Group bosh direktori Petr Novotniy Markaziy Osiyo bozorini istiqbolli deb baholab, Yevropa komissiyasi va Yevropa investitsiya banki ko‘magida qo‘shma korxona tashkil etish orqali O‘zbekiston bozoriga kirish bo‘yicha o‘z strategik rejasini taqdim etdi.

Rejalarga ko‘ra, qo‘shma korxona uchta asosiy yo‘nalishda faoliyat olib boradi:

  • temir yo‘l transport vositalarini mahalliy sharoitda yig‘ish;
  • transport vositalarining butun xizmat muddati davomida texnik xizmat ko‘rsatish va taʼmirlash;
  • mahalliy mutaxassislarni o‘qitish va malakasini oshirish uchun Škoda akademiyasini tashkil etish.

“Bu uch sohaning har biri Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi yangi bitimni hamda Yevropaning Global Gateway strategiyasini amalga oshirish yo‘lidagi aniq qadamdir. Biz O‘zbekistonni yevropalik ishbilarmon hamkorlarning yangi investitsiyalari uchun ochiq mamlakat deb hisoblaymiz. U uzoq vaqtdan beri strategik maqsadlarimiz doirasida eʼtiborimizni tortib kelmoqda. Shu bois, mahalliy bozorda barqaror transport, taʼlim va texnologik modernizatsiyani rivojlantirishga hissa qo‘shish imkoniyatidan juda mamnunmiz”, — dedi Petr Novotniy.

investitsiya, shavkat mirziyoyev, skoda, yevropa

Bundan tashqari, Škoda Group vakillari va transport vaziri Ilhom Mahkamov ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazib, temir yo‘l va shahar transporti sohasidagi hamkorlik rejalarini muhokama qildi.

Prezident Škoda Group kompaniyasining O‘zbekiston transport sohasini rivojlantirishga, ayniqsa, Yevropa texnologiyalari va nou-xaularini joriy etishga qo‘shayotgan hissasini yuqori baholadi. Mirziyoyev kompaniyaning O‘zbekiston bozorida uzoq muddatli faoliyatini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

O‘tgan hafta O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolangandi.

Spot, avvalroq, O‘zbekiston va Finlyandiya o‘rtasida 1 mlrd yevrodan ortiq qo‘shma loyihalar portfeli shakllantirilgani haqida yozgandi.