Adliya vazirligining Intellektual mulk departamenti ikkita — mahalliy va xorijiy savdo belgisiga oid huquqbuzarliklarning oldini olgani haqida xabar berdi.
Yaqinda vazirlikka Germaniyaning Puma SE kompaniyasidan PUMA savdo belgisi bo‘yicha murojaat kelib tushdi. Kompaniya maʼlumotiga ko‘ra, mahalliy P.B. korxonasi sport poyabzali brendidan ruxsatsiz foydalangan.
Adliya vazirligi xodimlari P.B. korxonasi PUMA brendi ostidagi soxta mahsulotni sotuvga qo‘yayotganini aniqladi. Kompaniyaga BHMning 100 baravari (41,2 mln so‘m) miqdorida jarima solinib, savdo belgisiga oid huquqlarni buzadigan barcha harakatlarni to‘xtatish ko‘rsatmasi berildi.
Shuningdek, departament Blanc Bleu brendining premium mineral suvini ishlab chiqaruvchi Ocard kompaniyasining shikoyatini ko‘rib chiqdi. Imaads suv ishlab chiqaruvchisi Ocard tomonidan patentlangan sanoat namunasiga o‘xshash idish dizaynidan foydalangani maʼlum bo‘ldi.

Tekshiruv davomida Adliya vazirligi yakka tartibdagi tadbirkor Sh.N. Blanc Bleu rusumli va shunga o‘xshash idish dizaynidagi soxta suvni sotayotgani tasdiqlandi. Unga intellektual mulk huquqini buzganlik uchun javobgarlik to‘g‘risida ogohlantirish yuborildi.
Vazirlik tadbirkorlarni o‘z brendlariga oid huquqlar buzilgan taqdirda 1008 ishonch telefoniga yoki info@adliya.uz elektron pochta manziliga murojaat qilishga chaqirdi.
Spot, avvalroq, Namanganda Red Bull ichimligining kontrafakt mahsulotlarini sotgan tadbirkorga chora ko‘rilgani haqida yozgandi.
