Senatning 11-yalpi majlisida aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirishga oid ayrim hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish bo‘yicha qonun loyihasi ko‘rib chiqildi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.

Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartishlar kiritilmoqda. Xususan, nogironlar uchun sharoitlar yaratilmagan binolarga foydalanish ruxsatnomasini bergan Qurilish inspeksiyasi organlariga javobgarlik joriy etilmoqda.

Shuningdek, qonun bilan Ijtimoiy himoya milliy agentligi va uning tizimidagi idoralar xodimlarining qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilish uchun maʼmuriy javobgarlik nazarda tutilmoqda.

MJtKning 472-moddasi (Ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni joylashtirishda qonunchilik talablarini buzish), 48-moddasi (Vasiylik huquqini suiisteʼmol qilish), 511-moddasi (Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) bo‘yicha maʼmuriy ishlarni ko‘rib chiqish jinoyat ishlari bo‘yicha sudlardan IHMA huzuridagi Ijtimoiy inspeksiya vakolatiga o‘tkazilmoqda.

Bunda Ijtimoiy inspeksiya organlari tomonidan ko‘rib chiqiladigan maʼmuriy ishlar belgilab berilmoqda.

Qonunga ko‘ra, kambag‘al yoki ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan oilalarga homiylik tashkilotlari tomonidan beriladigan BHMning 100 baravarigacha (41,2 mln so‘m) bo‘lgan pul xayriyalari soliqdan ozod etiladi.

Shuningdek, nogironlar, faxriylar, xotin-qizlar va bolalar jamoat birlashmalarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun davlat boji 50 foizga kamaytiriladi.

Senatorlar ushbu qonun ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarning hayot darajasini oshirishga xizmat qilishini ta‘kidladi. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda barcha fuqarolar homiladorlik, tug‘ish va kasallik nafaqalari bilan qamrab olinishi haqida yozgandi.