Avvalroq prezident kiberjinoyatlarga qarshi samarali kurashish hamda prokuror nazoratini raqamlashtirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.

Yig‘ilishda soha va tarmoqlarni raqamlashtirishdan asosiy maqsad — byurokratiya hamda korrupsiyani kamaytirish, ochiqlikni ta‘minlash ekanligi taʼkidlandi.

Davlat xaridlarida tanlov va tenderlar raqamlashgani uchun shu yilning o‘zida 7,5 trln so‘m tejaldi. Bugun aholi va tadbirkorlarga 1 mingga yaqin davlat xizmatlari masofadan turib ko‘rsatilmoqda.

Shu bilan birga, yil boshidan buyon davlat organlari tomonidan 7 mingdan ziyod qonunga zid hujjatlar qabul qilingani, shuningdek, nazorat idoralarining faoliyatida 12,5 ming nafar tadbirkorning huquqi buzilgani ko‘rsatib o‘tildi.

Shu munosabat bilan qonunlar ijrosi ustidan masofaviy nazorat tizimini yaratish, davlat idoralarida qabul qilinayotgan qarorlarning qonuniyligini tekshirish jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish zarur.

Taqdimotda Bosh prokuratura tizimida raqamli prokuror nazoratini joriy etish, tekshiruvlar va monitoring jarayonini avtomatlashtirish bo‘yicha takliflar haqida axborot berildi. Bu orqali qonun buzilishlarini erta aniqlash, mas‘ul shaxslarning harakatlarini real vaqt rejimida kuzatish hamda prokuror nazoratini shaffof va samarali tashkil etishning imkoni yaratiladi.

jinoyat, prezident, prokuratura, shavkat mirziyoyev, sun'iy intellekt, sud

Hozirda tergovchilarning ishini baholash bo‘yicha yagona tizimning yo‘qligi, hisobotlarning “qo‘lda” yuritilayotgani, jinoyat ishlarining hali ham qog‘oz shaklida saqlanayotgani ish samaradorligiga salbiy ta‘sir ko‘rsatmoqda. Hisobot tayyorlash jarayoni bir haftagacha vaqt olmoqda.

Yil boshidan buyon tergov organlari tomonidan 1300 ta qarorni qabul qilishda protsessual tartiblarga amal qilinmagani maʼlum qilindi. Kamchiliklar tufayli 637 ta jinoyat ishining materiallari sudlar tomonidan tergovga qaytarilgani taʼkidlandi.

Shu bois, jinoyat haqida xabar kelib tushganidan tortib, sud qarori ijrosigacha bo‘lgan barcha jarayonlarni raqamlashtirish, tergov faoliyatiga sun‘iy intellekt texnologiyalarini joriy qilish vazifasi belgilandi. Bu tizim tergov jarayonini tezlashtiradi, inson omilini kamaytiradi va mas‘uliyatni oshiradi.

Shuningdek, raqamli texnologiyalar orqali sodir etilayotgan jinoyatlarning oldini olish uchun sun‘iy intellekt, kiberhuquq va raqamli huquq yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlashni boshlash vazifasi qo‘yildi.

Bu orqali sohada zamonaviy tahlil usullaridan foydalana oladigan, raqamli xavf-xatarlarni oldindan aniqlaydigan va ularga samarali javob berishga qodir professionallar qatlamini shakllantirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Joriy yilning may oyida yil oxirigacha firibgarlarning soxta qo‘ng‘iroqlari cheklanishi aytilgandi.

Spot, avvalroq, shaxsga doir ma‘lumotlar bilan ishlashda kiberxavfsizlik talablari joriy qilinishi haqida yozgandi.