Senatning 11-yalpi majlisida sunʼiy intellektni qo‘llash orqali yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga soluvchi qonun muhokama qilindi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur qonun bilan “Axborotlashtirish to‘g‘risida"gi qonun ga sunʼiy intellektni qo‘llash orqali yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga soluvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Xususan, “sunʼiy intellekt” tushunchasiga huquqiy taʼrif berilmoqda. Ushbu sohadagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari hamda maxsus vakolatli organning vazifalari belgilanmoqda.
Shuningdek, axborot resurslarini yaratishda hamda axborot tizimlari ishida sunʼiy intellektdan foydalanishning umumiy qoidalari qayd etilmoqda. Ushbu texnologiyalardan foydalanishda shaxsga doir maʼlumotlar daxlsizligini taʼminlashga qaratilgan qoidalar ham belgilanadi.
Yalpi majlisda Qashqadaryo viloyatidan saylangan senator Komila Karamova sunʼiy intellektdan “tinimsiz va manqurtlarcha foydalanish” ongni zaiflashtirayotganini taʼkidladi.
Uning qayd etishichia, mazkur texnologiyaning afzal jihati bilan birga, salbiy jihati ham ko‘zga tashlanmoqda. U buni yoshlarning ta’lim jarayonlarida kurs ishi, nazorat ishini sunʼiy intellekt orqali ishlashini misol qildi. “[Sun'iy intellekt] hamma savollarga ham to‘g‘ri javob beryapti deb aytolmaymiz”, — dedi senator intellektning yolg‘on maʼlumot berish foizlari oshib borayotganini qayd etib.
“O‘quvchilar masalalar yechimida o‘ylamay, chat-botning javobini, yaʼni ko‘p hollarda noto‘g‘ri javobini olishyapti. Natija nima bo‘lyapti? Oqibatda sunʼiy intellektdan tinimsiz va manqurtlarcha foydalanish ongni zaiflashtirmoqda”, — dedi Komila Karamova.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Prezidentning sunʼiy intellekt texnologiyalarini yana-da rivojlantirish bo‘yicha farmonida SIni rivojlantirishga mas‘ul hokim maslahatchisi lavozimi joriy etilishi belgilangandi.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda qurilish oynalari uchun utilizatsiya yig‘imi joriy etilishi haqida yozgandi.
