OpenAI o‘z xizmatlaridan foydalanish qoidalarini yangiladi. Bu haqda kompaniya rasmiy saytida e’lon qilindi.
Endi ChatGPT chat-boti huquqiy, tibbiy, moliyaviy va boshqa bir qator mavzularda maslahatlar bera olmaydi.
“Har kim xavfsizlik va himoyalanish huquqiga ega. Shunday qilib, siz litsenziyaga ega mutaxassisni tegishli ravishda jalb qilmasdan turib, yuridik yoki tibbiy maslahatlar kabi litsenziyani talab qiladigan maxsus maslahatlarni <...> taqdim etish uchun bizning xizmatlarimizdan foydalana olmaysiz”, deyiladi bayonotda.
Kompaniya, shuningdek, o‘z mahsulotlarini tahdid, ta’qib, tuhmat, o‘z joniga qasd qilish, zo‘ravonlik yoki qimor o‘yinlarini targ‘ib qilish uchun ishlatish taqiqlanganini eslatdi. Jinsiy zo‘ravonlik, terrorizm va qurollarga aloqador kontent yaratish yoki tarqatish taqiqlanadi.
“Biz foydalanuvchilardan xizmatlarimizdan to‘g‘ri foydalanishni talab qilamiz va qoidalarimiz va xavfsizlik choralarimizni buzish yoki ularga rioya qilmaslik tizimlarimizga kirishni yo‘qotish yoki boshqa jazo choralariga olib kelishi mumkin”, — deya ogohlantiradi OpenAI.
29-sentabr kuni OpenAI ChatGPT veb-versiyasi va mobil ilovasi uchun ota-ona nazoratini ishga tushirilganini xabar berdi. Bu Kaliforniyada o‘z joniga qasd qilgan 16 yoshli o‘smir Adam Reynning ota-onasi tomonidan kiritilgan da’vo natijasida amalga oshirilmoqda.
Adam sun’iy intellekt (SI) unga o‘ziga zarar yetkazish usullarini o‘rgatganidan so‘ng o‘zini o‘ldirgan, deb ta’kidlanmoqda.
Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, yangi tizim ota-onalar va o‘smirlarga o‘z hisoblarini bog‘lash orqali “ishonchliroq himoya"ni tanlash imkoniyatini beradi.
Avvalroq Spot ChatGPT’dagi barcha suhbatlar tekshirilishi haqida yozgandi.
Ishlab chiquvchilar millionlab foydalanuvchilarning shaxsiy chatlarini tahlil qilishlarini va agar kontent xavfli deb topilsa, ularni politsiyaga yuborishi mumkinligini tan olishdi.
