Banklar tomonidan qimmatbaho metallar bilan operatsiyalarni amalga oshirish tartibi belgilandi. Bu haqdagi tegishli nizom Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Hujjat banklar, shu jumladan mikromoliya banklari tomonidan qimmatbaho metallar bilan operatsiyalarni amalga oshirish tartibini belgilaydi.
Qimmatbaho metallar bilan bog‘liq bir qator operatsiyalar amalga oshiriladi. Jumladan, mijozlar tomonidan o‘lchovli oltin quymalar bankning mobil ilovasi orqali sotib olinadi va qaytarib sotiladi.
Banklar tomonidan o‘lchovli oltin quymalar Markaziy bankdan sotib olish orqali sotiladi hamda qaytarib sotib olinadi. Shuningdek, banklar tomonidan qimmatbaho metallar elektron (jismoniy bo‘lmagan) ko‘rinishda sotiladi va qaytarib sotib olinadi.
Bank va mijoz o‘rtasida o‘lchovli oltin quymalarni sotish va qaytarib sotib olish bankning mobil ilovasida oferta shartnomasini tasdiqlash orqali amalga oshiriladi.
To‘lov muvaffaqiyatli o‘tganidan so‘ng bankning mobil ilovasida mijoz tomonidan sotib olingan oltin quymaning “maxfiy kod"i aks ettiriladi.
Mijoz sotib olingan o‘lchovli oltin quymalarni bankdan olish uchun shaxsni tasdiqlovchi hujjat hamda bankning mobil ilovasi orqali kelgan “maxfiy kod"ni taqdim etadi.
Avvalroq Spot oltin quymalarni qayerdan va qanday sotib olish, oltin depozitini ochish yoki tokenlarga investitsiya kiritish bo‘yicha to‘liq ko‘rsatmalarni to‘plagandi.
