Shavkat Mirziyoyev 3-noyabr kuni orfan kasalliklarga chalingan bolalarga tibbiy yordamni yaxshilash, farmatsevtika sohasidagi islohotlarning ijrosi hamda yangi loyihalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Mamlakatda irsiy va tug‘ma kasalliklar bilan tug‘ilishning oldini olish, kam uchraydigan (orfan) kasalliklarga chalingan bolalarga o‘z vaqtida tashxis qo‘yish va davolashga davolashga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Bugungi kunda 5 turdagi orfan va irsiy-genetik kasalliklarga chalingan jami 2174 nafar bola davlat budjeti mablag‘lari hisobidan bepul diagnostika, dori vositalari va maxsus shifobaxsh oziq-ovqat bilan ta‘minlanib kelinmoqda.

Shu bilan birga, ushbu turdagi kasalliklarning diagnostika qilish sifatining yaxshilanishi natijasida orfan kasalliklarining yangi turlari aniqlanmoqda va davolanishga muhtoj bolalarning soni ortib bormoqda.

Taqdimotda kam uchraydigan (orfan) va boshqa irsiy-genetik kasalliklarga chalingan bolalarga tibbiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatishni tashkil etish bo‘yicha ishlab chiqilgan 2026−2030-yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida axborot berildi.

Unga ko‘ra, endilikda davolanishi davlat hisobidan qamrab olinadigan kasalliklarning soni 5 tadan 10 taga kengaytiriladi, yosh chegarasi 18 dan 21 ga uzaytiriladi. Dasturni amalga oshirish uchun 2026−2030-yillarda jami 961 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Davlat rahbari tegishli qarorni imzolab, dasturni tasdiqladi.

Spot, avvalroq, Koreyaning Kyeryong kompaniyasi Toshkentda $150 mlnlik tibbiyot markazi qurishi haqida yozgandi.