Markaziy bank uchta yangi mikrokredit tashkilotini ro‘yxatdan o‘tkazdi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.
Bank nazorati qo‘mitasining qarorlariga (27/5, 27/6, 27/9) ko‘ra, Fincom Invest, Vafo Moliya va Qanot Finans MCHJlari ro‘yxatga kiritildi.
KTYDRdan olingan maʼlumotlarga ko‘ra, Fincom Invest joriy yilning avgust oyida 2 mlrd so‘m ustav kapitali bilan tashkil etilgan. Yagona taʼsischi sifatida Stanislav Kim ko‘rsatilgan bo‘lib, u Fincom, Soft Leasing va Universal Financial Services Leasing lizing kompaniyalarining, shuningdek K-Unity kompaniyasining 85% i va Mehnat to‘qimachilik korxonasining 50% lik ulushi egasidir.
Qanot Finans kompaniyasi iyul oyida taʼsis etilgan, 2 mlrd so‘mlik ustav fondiga ega. 70% ulush Bog‘ibek Minglarovich Matmurodovga tegishli, qolgan 30% i esa Dilmurod Agrofirm kompaniyasining yagona taʼsischisi Dilmurod Bog‘ibek o‘g‘li Matmuradovga qarashli.
Vafo Moliya yanvar oyida ro‘yxatdan o‘tgan va 2,2 mlrd so‘m ustav kapitaliga ega. Kompaniya taʼsischisi Firuza Artiqova Wafa Leasing firmasining ham yagona egasidir.
O‘tgan hafta Bank nazorati qo‘mitasi Buxoro Darvozasi mikromoliya tashkilotini ro‘yxatdan chiqargandi. Hozir O‘zbekistonda jami 129 ta mikrokredit tashkiloti mavjud.
Spot, avvalroq, Markaziy bankka uchta yangi rais o‘rinbosari tayinlangani haqida yozgandi.
