Toshkentda elektr tarmoqlari xatosi uchun tadbirkorga 1 mlrd so‘mdan ortiq hisob qayta ko‘rib chiqiladi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.
Poytaxtda aloqa sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkor Hududiy elektr tarmoqlari va uning Energiyasavdo filiali harakatlaridan norozi bo‘lib, qo‘mitaga murojaat qildi.
O‘rganishlarda isteʼmolchi hisoblagichini hududiy elektr tarmoqlari xodimlari noto‘g‘ri ulagani — ikkilamchi zanjirlar almashib ketgani aniqlangan. Texnik xatolik sababli tadbirkorga oxirgi 3 yil uchun 1 mlrd so‘mdan ortiq qo‘shimcha to‘lov hisoblangan.
Mutaxassislar bu xato yangi tahrirdagi elektr energiyasidan foydalanish qoidalarida nazarda tutilganini, ammo eski tahrirda mavjud bo‘lmaganini qayd etgan. Shuningdek, hisoblagichga to‘g‘ri ulangan subisteʼmolchining sarfi chegirib tashlanmagani ham aniqlangan.
“Raqobat to‘g‘risida"gi qonun ga muvofiq, ustun mavqedagi xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan isteʼmolchilarga nisbatan ortiqcha to‘lov undirish raqobatni cheklovchi harakat hisoblanadi. Shu bois, qo‘mita huzuridagi maxsus komissiya HET va Energiyasavdo filialiga nisbatan ish qo‘zg‘atdi.
Shu bilan birga, 1,097 mlrd so‘mlik asossiz hisobni qayta ko‘rib chiqish, qonun buzilish holatini bartaraf etish hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga tegishli hujjatlarni yuborish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Mazkur qaror va ko‘rsatmadan norozi tomon qo‘mitaning apellyatsiya kengashiga yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega ekanligi qayd etilgan.
Iyul oyida Raqobat qo‘mitasi elektr quvvati ortiqcha hisoblananayotgan holatlarni o‘rganishi haqida xabar berilgandi.
Spot, avvalroq, Raqobat qo‘mitasi Golden House‘ga isteʼmolchilar huquqlarini buzgani uchun ogohlantirish bergani haqida yozgandi.
