Jetour reklamasida noto‘g‘ri maʼlumotlar tarqatgani uchun Sultanov Motors korxonasi jarimaga tortildi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.
Qo‘mitaning Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan olib borilgan monitoringlar natijasida ushbu korxona faoliyatida reklama qonunchiligi talablariga rioya etilmaslik holati aniqlandi.
Xususan, OAV va internetda joylashtirilgan reklamalarda Jetour X70 avtomashinasini boshqa avtomobillarga nisbatan “eng afzali” ekanligi aytilgan. Shuningdek, “muddatli to‘lov uchun 0%”, deya amalda mavjud bo‘lmagan xizmatlar to‘g‘risida reklamalar joylashtirgan.
Natijada isteʼmolchilarda chalg‘ituvchi tasavvur shakllangan va noto‘g‘ri maʼlumotlar asosida qaror qabul qilish ehtimoli yuzaga kelgan.
Holat yuzasidan boshqarma maxsus komissiyasi tomonidan Sultanov Motors‘ga nisbatan qonunbuzilishi bo‘yicha ish qo‘zg‘atildi. Moliyaviy jarima qo‘llash yuzasidan qaror qabul qilindi. Qonun buzilishini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Raqobat qo‘mitasi barcha xo‘jalik yurituvchilarni reklama faoliyatida aniq, oshkora va xolis maʼlumotlar taqdim etishga chaqirdi.
Sentabr oyida reklama qonunchiligi buzilishi yuzasidan 1Fit‘ga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llanilgandi. Shuningdek, Gorilla ichimligini reklama qilgan Aion Beveragesga ish qo‘zg‘atilgan edi.
Oktabr oyi oxirida Raqobat qo‘mitasi ayrim avtosalonlarda kafolat va xizmat ko‘rsatishdagi kamchiliklarni aniqlagandi.
Spot, avvalroq, Raqobat qo‘mitasi Golden House‘ga isteʼmolchilar huquqlarini buzgani uchun ogohlantirish bergani haqida yozgandi.
                                                    
											
											
											
                            
											
											
											
                            