Farg‘ona viloyatida chiqindilarni utilizatsiya qilish orqali elektr energiyasi ishlab chiqaradigan zavod qurilishi boshlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Tamal tosh qo‘yish marosimi 2-noyabr kuni o‘tkazildi. Chiqindi yoqish zavodi Xitoyning China Everbright International Ltd kompaniyasi tomonidan Farg‘ona tumanidagi Oqbilol qishlog‘i yaqinida, viloyat markazidan taxminan 10 km janubi-g‘arbda barpo etilmoqda.
Zavod kelgusida kuniga 1500 tonna yoki yiliga 547 ming tonnagacha chiqindini qayta ishlash quvvatiga ega bo‘ladi. U elektr tarmog‘iga 227,5 mln kVt·soat energiya yetkazib beradi.





Qiymati $141,5 mln bo‘lgan korxona ishga tushirilgach, mintaqadagi chiqindi poligonlariga tushadigan yuk kamayishi va energiya taʼminoti yaxshilanishi kutilmoqda. Zavodda 400 tagacha yangi ish o‘rni yaratiladi.
Farg‘onada yangi chiqindi yoqish zavodini qurish joriy yil 24-martdagi prezident qarorida belgilangan. Jami mamlakat bo‘yicha elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun 6 ta chiqindilarni utilizatsiya qilish korxonasini ishga tushirish rejalashtirilgan.
Reja oltita viloyatda — Toshkent, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Qashqadaryo va Samarqandda chiqindilarni termik qayta ishlash orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish majmualarini qurishni nazarda tutadi. Korxonalar loyihalari 2024-yil oktyabrida davlat rahbariga taqdim etilgan.
Joriy yil iyul oyida bir vaqtning o‘zida ikkita chiqindi yoqish zavodining qurilishi boshlangandi. Loyihalardan biri Andijon viloyatida China International CAMC Engineering bilan hamkorlikda, ikkinchisi esa Samarqandda Shanghai SUS Environment ishtirokida amalga oshirilmoqda.
Spot, avvalroq, 2024-yil boshidan beri O‘zbekistonda 47 ta chiqindi poligoni yopilgani haqida yozgandi.
                                                    




											
											
											
											
											
											
                            
											