Prezidentning “Aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror taʼminlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi. Hujjat Lex.uz portalida eʼlon qilindi.

Hujjat bilan, aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari — go‘sht, sut, tuxum, baliq, o‘simlik yog‘i va kartoshka bilan kafolatli taʼminlash maqsad qilingan.

Shu bilan birga, chorvachilik xo‘jaliklarining ozuqa bazasi tubdan yaxshilanadi, ularning faoliyatini kengaytirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratiladi va narxlar barqarorligi saqlanadi.

Qarorga ko‘ra, kelgusi uch yilda yirik shoxli qoramollar soni qo‘shimcha 445 ming boshga, qo‘y va echkilar soni esa 1,7 mln boshga oshiriladi. Shuningdek, parrandalarni soni 30 mln boshga yetkaziladi. Buning hisobiga yetishtirish hajmi 54 ming tonnaga, sut yetishtirish esa 205 ming tonnaga ko‘tariladi.

Xususan, banklar tomonidan ozuqabop va moyli ekinlarni yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun hosil qiymatining 50% igacha, yillik 12% stavkada (shu jumladan 4 foiz bank marjasi) 12 oygacha imtiyozli kreditlar ajratiladi. Mablag‘lar Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan beriladi.

Kreditlar uchun taʼminot sifatida tijorat banki foydasiga sug‘urta qilingan sug‘urta polisi yoki qonunchilikda belgilangan boshqa taʼminot turlari qabul qilinadi.

Shuningdek, 2025-yil 1-noyabrdan 2030-yil oxirigacha Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi kredit foiz xarajatlarini kompensatsiya qilish mexanizmini joriy etadi.

Unga ko‘ra, Markaziy bank asosiy stavkasining ikki baravaridan oshmagan miqdorda milliy valyutada 4 foiz bandan yuqori, 10 foiz bandgacha bo‘lgan qismi qoplab beriladi. Xorijiy valyutadagi kreditlar bo‘yicha 8 foiz banddan yuqori, 4 foiz bandgacha bo‘lgan qism qoplanadi.

Milliy va xorijiy valyutadagi kreditlar uchun 50% gacha, lekin 10 mlrd so‘mdan oshmagan miqdorda kafillik beriladi.

Shu bilan birga, yirik va mayda shoxli qoramollarni boqishga ixtisoslashgan mahallalarda naslini yaxshilash uchun xorijiy va mahalliy veterinar hamda mutaxassislar jalb etiladi. Ularning xulosasi asosida xarajatlarning 50% qismi Dehqon xo‘jaliklari va tomorqachilarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

2026-yildan ozuqabop va moyli ekinlar yetishtiruvchi subyektlarga mineral o‘g‘itlar, yoqilg‘i-smazka vositalari va suvorish tadbirlari qo‘llab-quvvatlanadi. Ular nasos agregatlari sarflaydigan elektr energiyasi xarajatlarining 50% qismi budjetdan qoplab beriladi.

Yirik va mayda shoxli qoramollarni boqishga ixtisoslashgan 200 ta mahalla ro‘yxati shakllantirilib, 2026-yil 1-yanvardan xorijiy va mahalliy veterinarlar jalb qilinadi.

Sentabr oyi boshida prezident raisligidagi yig‘ilishda 2026-yildan fermerlar va dehqonlar uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga QQS bekor qilinishi aytilgandi.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda oktabr oyida eng ko‘p nimalar qimmatlashgani haqida yozgandi.