Avvalroq prezident chorvachilikni qo‘llab-quvvatlash va aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash bo‘yicha chora-tadbirlarni tasdiqlagani haqida xabar berilgandi.

Hujjat go‘sht va boshqa chorvachilik mahsulotlari importini soddalashtiradi. 2026-yildan veterinariya ruxsatnomalari va sertifikatlarini ko‘rib chiqish muddati ikki barobar qisqartiriladi. Import mahsulotlariga veterinariya nazorati hujjatlari xavf tahlili natijalariga ko‘ra beriladi.

Zarur hollarda, veterinariya nazorati ostidagi mahsulotlarning chet el eksportchilari ro‘yxatiga kirmagan korxonalar tegishli tovarlarni olib kirish uchun 1 yilgacha muddatga veterinariya ruxsatnomalarini olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Bunday hollarning ro‘yxatini Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha respublika komissiyasi belgilaydi. Mahsulotlarni Jahon hayvonlar sog‘lig‘ini muhofaza qilish tashkilotining tavsiyalariga ko‘ra hayvon kasalliklaridan xoli deb tan olingan mamlakatlardan, mahalliy organlar tomonidan taqiqlar bo‘lmagan taqdirda olib kirish mumkin bo‘ladi.

O‘zbekistonga go‘sht va chorva mollarini olib kirishdagi monopoliyalarni cheklash bo‘yicha choralar ko‘riladi. Bosh prokuratura va Raqobat qo‘mitasi ularning mahalliy importchilar ustidan ustun muzokaralar mavqeyiga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida ro‘yxatda ko‘rsatilgan chet el eksportchilarini o‘rganib chiqadi.

Biznes-ombudsmanda importchilar uchun alohida ishonch telefoni ishga tushiriladi. U importchilarlarning muammolarini tezkor hal etish uchun mo‘ljallangan.

Bundan tashqari, veterinariya mahsulotlari importi bilan bog‘liq muammolarni hal qilish bo‘yicha 9 kishidan iborat ishchi guruh tuziladi. Unga Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti rahbari Jahongir Xatamov boshchilik qiladi. Shuningdek, uning tarkibiga quyidagilar kiradi:

  • Jamshid Urunov — biznes-ombudsman o‘rinbosari;
  • Bahrom Norqobilov — Veterinariya qo‘mitasi raisi;
  • Tohirjon Rapiqov — Investitsiyalar, eksportni qo‘llab-quvvatlash va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi kotibiyati mudiri;
  • Jamshid Abduzuhurov — qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari;
  • Mamanbiy Omarov — transport vazirining birinchi o‘rinbosari;
  • Nodir Musamuhamedov — Bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari;
  • Dilshod Qurbonov — Savdo-sanoat palatasi raisi birinchi o‘rinbosari;
  • O. Usarov — Iqtisodiyot va moliya vazirligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari.

Hududlar va Toshkent shahri hokimliklari, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi muzlatgich omborlari va oziq-ovqat saqlash xonalari egalarining ro‘yxatini tuzishi kerak. Ularga fuqarolarni asosiy oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatlangan taʼminlash maqsadida obyektlarning samarali ishlashini taʼminlash vazifasi yuklatilgan.

Spot, avvalroq, zarur oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirishga imtiyozli kredit va kompensatsiyalar berilishi haqida xabar berilgandi.