Yangi Toshkent aeroporti uchun Toshkent viloyatidan ajratilgan hudud xatlovdan o‘tkaziladi. Bu haqda Kadastr agentligining viloyat boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, O‘rta Chirchiq va Quyi Chirchiq tumanlaridagi aeroport uchun mo‘ljallangan maydoni 1 300 gektar bo‘lgan hudud to‘liq xatlovdan o‘tkaziladi.

Bu yerda yashovchi aholi ko‘chirilib, xonadonlar va fermer xo‘jaliklari hududidagi mavjud bino-inshootlar uchun mablagberiladi.

Turar va noturar joy binolari hamda qishloq xo‘jaligi ekinzorlari egalariga yetkaziladigan zararni qoplash uchun kompensatsiya miqdori aniqlanadi.

Agentlik mavjud mulklar qiymati asossiz oshishining oldini olish uchun yangi foydalanuvchilarga taqsimlash, rasmiylashtirish, yangi loyihalarni amalga oshirish hamda qurilish ishlarini olib borish cheklanishini ma’lum qildi.

24-oktabr kuni O‘rta Chirchiq tumani hokimi Ixtiyor Kasimov Xalqobod mahallasi aholisi hamda hududdagi fermer xo‘jaliklari rahbarlari bilan uchrashib, yangi aeroport qurilishi bilan bog‘liq tashkiliy ishlarni muhokama qilgandi. Kasimov aholi xonadonlari va fermerlar bino-inshootlari uchun kompensatsiya mablag‘larini to‘lab berish tartibi yuzasidan batafsil tushuntirish berdi.

Spot o‘rgangan ma’lumotlarga ko‘ra, poytaxtning yangi havo bandargohi Yangiyo‘ldan taxminan 7 km sharqda qurilishi mumkin. Obyektning janubida Yangitosh va Tinchlik aholi punktlari, shuningdek, Yangi Hayot shaharchasi joylashgan. G‘arbdan Chirchiq daryosi oqib o‘tadi, sharqda temir yo‘l (to‘xtash joyi 22 km), shimolda esa Toshloq va Yunuchqal’a shaharchalari joylashgan.

Toshkentning yangi aeroporti

Shavkat Mirziyoyev 15-oktabr kuni Toshkent viloyatidagi yangi xalqaro aeroport loyihasining qurilishiga rasman start berdi va bo‘lajak havo bandargohiga tamal toshi qo‘ydi.

DXSh loyihasining xususiy hamkorlari sifatida Vision Invest (Saudiya Arabistoni), Sojitz (Yaponiya) va Incheon (Janubiy Koreya) tanlangan. Ularning xalqaro konsorsiumdagi ulushlar quyidagicha: Vision Invest — 45%, Sojitz Corporation — 30%, Incheon International Airport Corporation — 15% va Uzbekistan Airports — 10%.

Foydalanishga topshirilgandan so‘ng, aeroport yiliga 20 mln yo‘lovchi va 129 ming tonna yuk tashish, soatiga 30 tagacha uchish va qo‘nishni amalga oshirish va bir vaqtning o‘zida 62 ta samolyotni joylashtirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Yangi majmua Toshkent-Samarqand, Toshkent-Andijon va Toshkent-Bo‘stonliq pulli avtomobil yo‘llari bilan bog‘lanadi. Bu yerda tezyurar poyezdlar uchun temir yo‘l stansiyasi quriladi va Toshkent va Yangi Toshkent o‘rtasida shattllar ishga tushiriladi.

Prezident havo bandargohi poytaxt va Toshkent viloyati o‘rtasidagi chorraha vazifasini bajarishini qayd etdi. Aeroportga 25 daqiqada yetib borish mumkin bo‘ladi. Loyiha O‘zbekiston iqtisodiyotiga yiliga $770 mln daromad keltiradi.

Avvalroq Toshkent aeroportida yangilangan uchib kelish zali ochilgani haqida xabar berilgandi. Ta’mirlash ishlari doirasida uchib kelish zali 2200 kv.metrga, to‘xtash joyi 347 taga hamda VIP zal 300 kv.metrgacha kengaytirildi. Bundan tashqari, shaharga qaragan ochiq terassa ochildi.