O‘zbekistonda 2026-yildan chiqindi xizmatlari uchun to‘lovlar faqat onlayn qabul qilinadi. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Kelasi yilning 1-yanvaridan boshlab jismoniy va yurdik shaxslar qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari uchun to‘lovlarni barcha elektron to‘lov tizimlari orqali faqat onlayn amalga oshirishlari mumkin.

Agentlik tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahridagi barcha sanitar tozalash korxonalariga tegishli ko‘rsatma berilgan. Endi uyma-uy yurib to‘lovlarni undirish to‘xtatiladi.

Bunda to‘lovlarni qabul qilish va abonentlar hisobini yuritish faqat quyidagilar orqali amalga oshiriladi:

  • agentlikning “Toza makon” billing tizimi;
  • elektron to‘lov tizimlari;
  • internet bilan ta’minlanmagan, hudud markazidan olis masofada joylashgan aholi yashash punktlari uchun istisno tarzida bank kassalari, O‘zbekiston pochtasi pochta bo‘limlari orqali.

Joriy yilning 1-avgustidan chiqindi xizmatlaridan qarzdor fuqarolarning elektr energiyasi uchun to‘lovlariga cheklov o‘rnatila boshlandi. Endi chiqindi xizmatlaridan qarzdor abonentlarga har oyning 5-sanasigacha SMS-xabarnoma yuborilib, qarzdorlikni bartaraf etish uchun 5 kun beriladi. Bu muddat ichida mavjud qarzdorlik to‘lanishi lozim. Qarzdorlik bartaraf etilmasa, elektr uchun to‘lov qilish vaqtinchalik cheklanadi va bu qarzdorlik bartaraf etilishi bilan avtomatik tarzda yechiladi.

Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi tomonidan chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari sohasida to‘lov intizomini, qonun ijrosini ta’minlash mexanizmlari hamda amaliyotda yuzaga kelayotgan muammolar yuzasidan savollar yo‘llangandi.

Unda HET ilovasida aholi tomonidan maishiy chiqindi xizmati bo‘yicha qarzdorlik haqidagi ma’lumotlar aks etmayotgani, “Toza makon” billing tizimi bilan HET billing o‘rtasida to‘liq integratsiya ta’minlanmagani jamoatchilikda tashvish tug‘dirayotgani ta’kidlangan. Chiqindilarni boshqarish agentligi bunga izoh berdi.

Avvalroq Toshkentda chiqindilarni noqonuniy tashlash bo‘yicha 808 ta holat aniqlangani haqida xabar berilgandi. Belgilanmagan joylarga eng ko‘p chiqindi tashlash holatlari Olmazor, Uchtepa va Yunusobod tumanlarida kuzatildi.