Hududlarda ayrim shaxslar fuqarolarga pensiya miqdorini oshirib berishni vaʼda qilmoqda. Bu haqda Pensiya jamg‘armasi xabar berdi.

Taʼkidlanishicha, bu kabi shaxslar yolg‘on vaʼdalar bilan, fuqarolarning shaxsiy maʼlumotlarini olib, ulardan pul talab qilgan.

Pensiya miqdorini oshirish faqat jamg‘armaning tuman (shahar) bo‘limlari tomonidan amalga oshirilishi eslatib o‘tildi. Fuqarolarda pensiyasini qayta hisoblash uchun asoslar paydo bo‘lganda murojaat qilishlari mumkin.

“Pensiya jamg‘armasining hech bir xodimi fuqarolarga ko‘chada pensiya miqdorini oshirib berishni taklif qilmaydi”, deyiladi xabarda.

Fuqarolardan begona shaxslarga pasport, plastik karta yoki JSHSHIR (PINFL) raqami kabi shaxsiy maʼlumotlarni hech qachon taqdim qilmaslik so‘ralmoqda.

Jamg‘arma shu kabi shubhali holat yuzaga kelsa, quyidagi raqamlarga xabar berish kerakligini eslatdi:

  • 1271 — Pensiya jamg‘armasining ishonch telefoni
  • 102 — Ichki ishlar organlari.

Kelasi yilning bahoridan pensiya miqdorini oldindan hisoblash xizmati ishga tushiriladi. Mening pensiyam dasturi orqali fuqarolar yoshga doir pensiya olish uchun stajlari yetarli yoki yetarli emasligini ham oldindan bilib olishlari mumkin bo‘ladi.

Avvalroq Spot O‘zbekistonda 2030-yilga borib xususiy pensiya jamg‘armalari tashkil etilishi mumkinligi haqida yozgandi.