O‘zbekiston sentabr oyida dunyodagi yagona oltin sotuvchisi bo‘ldi. Bu haqda Jahon oltin kengashi (World Gold Council) hisobotida maʼlum qilindi.
Xalqaro valyuta jamg‘armasi va ochiq manbalarning maʼlumotlariga ko‘ra, sentabr oyida markaziy banklar tomonidan sof oltin xaridi 39 tonnani tashkil etdi. Bu 2025-yildagi eng yuqori oylik ko‘rsatkichdir.
Jami 43 tonna qimmatbaho metall xarid qilindi. Eng yirik xaridor Braziliya Markaziy banki bo‘lib, u 15 tonna oltin sotib oldi. Uchtalikka Qozog‘iston (8 tonna) va Gvatemala (5 tonna) markaziy banklari kirdi. Rossiya, Turkiya, Chexiya, Xitoy va Gana ham kichik hajmlarda oltin xarid qildi.
Yagona oltin sotuvchisi O‘zbekiston Markaziy banki bo‘lib, u 4 tonna oltin sotdi. Yillik hisobda mamlakat Singapur va Rossiyani ortda qoldirib, 21 tonna bilan dunyodagi eng yirik qimmatbaho metall sotuvchisi maqomini saqlab qolmoqda.

Yil boshida O‘zbekiston Markaziy banki faol ravishda oltin sotgan edi. Biroq yozdan boshlab regulyator strategiyasini o‘zgartirib, qimmatbaho metalni xarid qilishga o‘tdi.
Sentabr oyida O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari $4,9 mlrdga ko‘payib, rekord darajadagi $55 mlrdga yetdi. Oltin zaxirasi ketma-ket uchinchi oy yangi yuqori ko‘rsatkichni qayd etdi — $44 mlrddan ortiq. Valyuta zaxiralari esa $10 mlrddan ortiqni tashkil etdi.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda bank ilovalari orqali oltin sotib olish imkoniyati paydo bo‘lishi haqida yozgandi.
