Raqobat qo‘mitasi tomonidan sifatsiz xizmat ko‘rsatilgani yuzasidan chiqindi tashish korxonalariga tegishli ko‘rsatmalar yuborildi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
O‘tgan 9 oyda qo‘mita va uning hududiy boshqarmalariga bu borada 1 mingga yaqin murojaat kelib tushgan. Murojaatlar chiqindi tashishning sifatsizligi va kechiktirilishiga hamda asossiz qarzdorlikka tegishli bo‘lgan.
Murojaatlarning katta qismi Namangan, Qashqadaryo, Samarqand, Sirdaryo, Toshkent, Farg‘ona va Xorazm viloyatlariga tegishli.
Qo‘mita bu borada Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida o‘rganishlar o‘tkazdi. Natijada isteʼmolchilarga ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun qarzdorlik hisoblangani ham aniqlandi.
Sirdaryo viloyatida chiqindilar belgilangan jadvalda olib chiqilmagani sababli atrof-muhitda chiqindilar to‘planib qolgan. Shunga qaramay, fuqarolardan ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun to‘lov olingan.
Qayta qilingan hisob-kitoblar natijasida 628 mln so‘m isteʼmolchilar foydasiga hal etildi.
Qo‘mita Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligiga ko‘rsatma yubordi. Unda chiqindilarni o‘z vaqtida olib ketish va asossiz qarzdorlikning oldini olish taʼkidlangan.
O‘zbekistonda ikki yildan kamroq vaqt ichida 47 ta chiqindi poligoni yopilgani haqida xabar berilgandi.
Spot, avvalroq, 2026-yildan chiqindi to‘lovlari faqat onlayn qabul qilinishi haqida yozgandi.
